O‘zbekiston va Qozog‘iston ijtimoiy himoya sohasida hamkorlikni mustahkamlaydi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston va Qozog‘iston aholini ijtimoiy himoya qilish sohasida hamkorlikni mustahkamlash va ikki davlatning sohaviy tuzilmalari o‘rtasida amaliy hamkorlikni rivojlantirishga kelishib oldi.
Ijtimoiy himoya milliy agentligida Agentlik direktori Mansurbek Olloyarovning O‘zbekistondagi Qozog‘istonning Favqulodda va muxtor elchisi Yerali Tug‘janov bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Tomonlar hamkorlikning joriy yo‘nalishlari, tajriba almashish va qo‘shma ishlarni kengaytirish imkoniyatlarini muhokama qildi.
O‘zbekiston vakillari Qozog‘iston tomoniga oilaga yo‘naltirilgan ijtimoiy himoya modelini rivojlantirish yondashuvlarini taqdim etdi. Xususan, insonning oilasi va jamiyat bilan aloqalarini saqlab qolgan holda qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, aholiga ijtimoiy yordam ko‘rsatishni tashkil etishda mahallaning roli haqida so‘z yuritildi.
Uchrashuv ishtirokchilari nogironligi bo‘lgan shaxslar va ijtimoiy himoyaga muhtoj boshqa toifadagi fuqarolarga yordam ko‘rsatish masalalarida tajriba almashishga alohida eʼtibor qaratdi.
Shuningdek, tomonlar sohaviy ekspertlarning uchrashuvlarini o‘tkazish hamda amaliyot va tajriba bilan yana-da yaqinroq almashish maqsadida o‘zaro tashriflarni tashkil etish imkoniyatini ko‘rib chiqdi.
Muzokaralar yakunlari bo‘yicha O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasida ijtimoiy himoya sohasidagi hamkorlikni yana-da mustahkamlash bo‘yicha kelishuvga erishildi. Tomonlar hamkorlikni tizimli asosga o‘tkazish niyatida.