Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Raqamli texnologiyalar vaziri o‘rinbosari Jamol Maxsudov va IT Park Uzbekistan ijrochi direktori Jahongir Rajabov Janubiy Koreyada KS JOB INC. bosh direktori Degun Xur bilan uchrashdi. Uchrashuv yakunlari bo‘yicha tomonlar BPO loyihalari uchun mutaxassislar tayyorlash bo‘yicha anglashuv memorandumini imzoladi. Bu haqda IT Park Uzbekistan xabar berdi.
Uchrashuvda KS JOB INC. kompaniyasining O‘zbekistondagi faoliyatini kengaytirish, koreys tilini biladigan mutaxassislarni tayyorlash, shuningdek, AICC (AI Contact Center) va BPO yo‘nalishlarida hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Sentyabr oyida kompaniya Toshkentda BPO sohasida ishlash uchun mutaxassislar tayyorlashga ixtisoslashgan koreys tilini o‘rgatish markazini ishga tushirdi. KS JOB INC. O‘zbekistonda tayyorlangan mutaxassislarni Janubiy Koreya mijozlari uchun AICC va BPO loyihalarini amalga oshirishga jalb qilishni rejalashtirmoqda.
Imzolangan memorandum kadrlar tayyorlash sohasida hamkorlikni nazarda tutadi.
Bundan tashqari, tomonlar KS JOB INC.ning O‘zbekistondagi faoliyatini yana-da rivojlantirish uchun «Zero Risk» dasturidan foydalanish imkoniyatlarini o‘rganishga kelishib oldi.
Tomonlar autsorsing sohasida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha hamkorlikni davom ettirish niyatini bildirdi.
KS JOB INC. 1998 yilda tashkil etilgan bo‘lib, BPO va mijozlarga xizmat ko‘rsatishni autsorsing qilish sohalariga ixtisoslashgan. Kompaniya 120 dan ortiq korporativ mijoz bilan hamkorlik qiladi hamda kontakt-markazlar uchun texnologik yechimlar, jumladan, sunʼiy intellekt asosidagi tizimlar, nutqni tanib olish texnologiyalari va bulutli CRM platformalarini ishlab chiqadi.
Kompaniyaning O‘zbekistondagi faoliyatini kengaytirish xalqaro BPO loyihalarini amalga oshirish uchun koreys tilini biladigan kadrlarni tayyorlashni nazarda tutadi.