Toshkentda 600 million so‘mlik qalbaki dori vositalari musodara qilindi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari Bojxona qo‘mitasi bilan hamkorlikda Rossiyadan O‘zbekistonga noqonuniy olib kirilgan qalbaki dori vositalarini mamlakat hududida sotish kanaliga chek qo‘ydi.
Idoralar maʼlumotiga ko‘ra, tezkor tadbirlar doirasida Toshkent shahri va Toshkent viloyatida joylashgan uchta xonadonda tintuv o‘tkazildi. Tergov maʼlumotlariga ko‘ra, poytaxtning Yangihayot tumanida yashovchi 63 yoshli fuqaro ikki nafar o‘g‘li bilan birgalikda dori vositalarini saqlash va sotishni tashkil etgan.
Tintuvlar chog‘ida huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan protsessual tartibda Buserelin, Volini, Bikana, Tirzetta va boshqa nomdagi jami 29 turdagi 1330 quti qalbaki dori vositalari aniqlanib, musodara qilindi.
Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, musodara qilingan mahsulotlarning qiymati qariyb 600 million so‘mni tashkil etadi.
Tergov taxminiga ko‘ra, dori vositalari Rossiyadan temir yo‘l va havo transporti orqali kelgan yo‘lovchilar yordamida kichik partiyalarda olib kirilgan. Mamlakatga olib kirilgach, ular Toshkent shahri hududida sotilgan.
Musodara qilingan dori vositalari yuzasidan ekspertiza tayinlangan.
Hozirgi vaqtda tergovga qadar tekshiruv ishlari olib borilmoqda.