Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi innovatsion startaplarni qo‘llab-quvvatlash tizimini isloh qilish bo‘yicha loyiha tayyorladi. Hujjat normativ-huquqiy hujjatlar muhokamasi portaliga joylashtirilgan.
Loyiha startaplarni tanlash va moliyalashtirish yondashuvlarini o‘zgartirishni, jumladan, loyihalarni xalqaro mezonlar asosida baholash hamda xalqaro tajribani inobatga olgan holda inkubatsiya va akseleratsiya dasturlarini joriy etishni nazarda tutadi.
Har yili kamida 50 ta startapga 40 milliard so‘mdan kam bo‘lmagan miqdorda davlat mablag‘larini yo‘naltirish taklif etilmoqda. Bundan tashqari, xususiy investorlar, kompaniyalar va venchur fondlaridan har yili 500 ming dollar jalb qilish rejalashtirilmoqda.
2027 yil 1 yanvardan boshlab startap-loyihalarni qabul qilish, saralash va moliyalashtirish jarayonlarini to‘liq raqamli formatga o‘tkazish taklif etilmoqda. Buning uchun innovatsion startaplar bilan ishlashga mo‘ljallangan maxsus platforma hamda ilmiy va innovatsion faoliyat bilan shug‘ullanuvchi yuridik shaxslar reyestrini ishga tushirish rejalashtirilgan.
Davlat tomonidan moliyalashtirishni faqat inkubatsiya yoki akseleratsiyadan o‘tgan startaplar olishi mumkin bo‘ladi. Innovatsion rivojlanish agentligi loyihalar bo‘yicha takliflarni qabul qilib, ularni tegishli dasturlarda ishtirok etish uchun joylashtiradi.
Moliyalashtirish manbalarini kengaytirish maqsadida platformada kraudfanding funksiyasini ham yaratish rejalashtirilmoqda.
Moliyalashtirish miqdorini ISO mezonlari asosida loyihaning texnologik tayyorlik darajasi (TRL) bilan bog‘lash taklif etilmoqda. Inkubator va akselerator tashkilotchilari har bir startap uchun TRL 1 dan 3 gacha bo‘lganida 30 BHMgacha, TRL 4 dan 6 gacha bo‘lganida 50 BHMgacha va TRL 7 dan 9 gacha bo‘lganida 70 BHMgacha mablag‘ olishi mumkin bo‘ladi. Loyihada ushbu summalar mos ravishda 13,2 million, 22 million va 30,8 million so‘m etib ko‘rsatilgan.
Dasturlar yakunlari bo‘yicha samarali deb topilgan TRL 4 dan 6 gacha bo‘lgan startaplar 485 BHMgacha yoki 213,4 million so‘mgacha moliyalashtirishga daʼvo qilishi mumkin bo‘ladi. TRL 7 va undan yuqori bo‘lgan loyihalar uchun esa moliyalashtirishning maksimal miqdorini 4500 BHM yoki 1,98 milliard so‘m darajasida belgilash taklif etilmoqda.
Bunda davlat tomonidan moliyalashtirish startap yaratuvchisi tomonidan xususiy investitsiyalar jalb qilingan taqdirdagina ajratiladi.
Byudjet mablag‘lari hisobidan moliyalashtirishni maʼqullash vakolatini Innovatsiyalar va sanoatni integratsiya qilish kengashiga yuklash taklif etilmoqda. Uning tarkibi Prezident Administratsiyasi rahbari tomonidan tasdiqlanadi.
Startaplarni qo‘llab-quvvatlash markazi inkubatsiya yoki akseleratsiyadan o‘tgan va moliyalashtirilgan loyihalarga reklama hamda marketing masalalarida ko‘maklashadi. Bundan tashqari, markaz yiliga kamida ikki marta davlat organlari va tarmoq korxonalariga innovatsion ishlanmalarni joriy etish bo‘yicha takliflar kiritadi.
Qaror loyihasi muhokamasi 2 oktyabrga qadar davom etadi.