Iqtisod

O‘zbekistonda xavfsiz mehnat muhiti dasturi joriy etilmoqda

O‘zbekistonda xavfsiz mehnat muhiti dasturi joriy etilmoqda
O‘zbekistonda xavfsiz mehnat muhiti dasturi joriy etilmoqda / Foto: O'zbekiston Prezidenti Matbuot xizmati.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekistonda xavfsiz va o‘zaro hurmatga asoslangan mehnat muhiti dasturi joriy etilmoqda. Prezident Shavkat Mirziyoyev 21 sentyabr kuni «Mehnat sohasida xavfsiz va hurmatga asoslangan ish muhitini taʼminlash chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorni imzoladi.

Hujjatga ko‘ra, tegishli dastur davlat organlari va tashkilotlarida, shuningdek, davlat ishtirokidagi kompaniyalarda bosqichma-bosqich joriy etiladi. Bu haqda Adliya vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Dastur ustav kapitalida davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq bo‘lgan yuridik shaxslarga, shuningdek, ustav kapitalida bunday yuridik shaxslarning ulushi kamida 50 foizni tashkil etadigan kompaniyalarga tatbiq etiladi.

2026 yil 1 dekabrga qadar Boshqaruv samaradorligi agentligining axborot tizimlarida davlat organlari va tashkilotlari uchun «Xavfsiz va hurmatga asoslangan ish muhiti» portali ishga tushirilishi kerak.

Portal orqali xodimlar tazyiq va zo‘ravonlik holatlari bo‘yicha onlayn murojaat yuborishi mumkin bo‘ladi. Agar shikoyat portal bilan ishlash uchun masʼul xodim, uning bevosita rahbari yoki davlat organi yoxud tashkiloti mansabdor shaxsiga taalluqli bo‘lsa, murojaat avtomatik ravishda yuqori turuvchi organga yuboriladi.

Platformada murojaatlarni tekshirish, dalillarni to‘plash, xulosalar tayyorlash, axborot almashish va tegishli holatlar bo‘yicha muloqot olib borish ham amalga oshiriladi.

Tekshiruvlar, ularning natijalari, ko‘rilgan choralar va keyingi o‘zgarishlar haqidagi maʼlumotlar tizimda saqlanishi kerak. Hujjatda ushbu maʼlumotlarni yo‘q qilishga yo‘l qo‘yilmasligi belgilangan.

Agar murojaatda maʼmuriy huquqbuzarlik yoki jinoyat alomatlari aniqlansa, u yagona dispetcherlik xizmati “112” orqali vakolatli organga yuborilishi kerak.

Boshqaruv samaradorligi agentligi portal orqali dastur qoidalariga rioya etilishini nazorat qiladi. Qoidabuzarliklar aniqlangan taqdirda, idora ularni bartaraf etish bo‘yicha ko‘rib chiqilishi majburiy bo‘lgan taqdimnomalar kiritishi mumkin.

Davlat organlari va tashkilotlarining mehnat jamoalariga ichki mehnat tartibi qoidalarida jinsiy yoki jismoniy zo‘ravonlik, shuningdek, jinsiy shilqimlik mehnat majburiyatlarini bir marta qo‘pol ravishda buzish sifatida baholanishi mumkinligini belgilash tavsiya etilgan.

Xodim tomonidan yoki unga nisbatan tazyiq o‘tkazish, psixologik bosim va kamsitish, shuningdek, murojaat qilgani uchun taʼqib qilish mehnat intizomini buzish sifatida baholanishi tavsiya etilgan.

Mehnat kodeksiga ko‘ra, mehnat intizomi buzilgani uchun ish beruvchi xodimga tanbeh berish, o‘rtacha oylik ish haqining 30 foizidan ko‘p bo‘lmagan miqdorda jarima solish yoki mehnat shartnomasini bekor qilish ko‘rinishida intizomiy jazo qo‘llashi mumkin. Mehnat majburiyatlarini bir marta qo‘pol ravishda buzish holatida ham mehnat shartnomasi bekor qilinishi mumkin.

Dastur mulkchilik shaklidan qatʼi nazar, korxonalar, tashkilotlar va muassasalarga tatbiq etilishi kerak. Shu bilan birga, Adliya vazirligi xabarnomasida uni nodavlat sektorda amalga oshirish tartibi aniqlashtirilmagan.

 

Dilafro'z Niyazova
Dilafro'z Niyazova

Dilafruz Niyazova 2025-yildan buyon UzDaily jamoasida faoliyat yuritib, nashrning o'zbek tilidagi versiyasi uchun mas'uldir.