Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Toshkent xalqaro aeroportida bojxona xodimlari deklaratsiya qilinmagan zargarlik buyumlari va oltin quymalarining O‘zbekistonga olib kirilishiga chek qo‘ydi. Ularning umumiy qiymati 1,2 milliard so‘mni tashkil etgan. Bu haqda “Toshkent-AERO” ixtisoslashtirilgan bojxona kompleksi matbuot xizmati xabar berdi.
Dubaydan kelgan yo‘lovchining yuki tekshirilganda, bojxona xodimlari umumiy og‘irligi 921,37 gramm bo‘lgan 141 ta zargarlik buyumi, shuningdek, uchta oltin quymani aniqlagan.
Bundan tashqari, yuklar orasida aksiz markalari bo‘lmagan 120 quti tamaki mahsuloti va nikotinli snyusning 90 donasi ham bo‘lgan.
Aniqlangan qoidabuzarlik holati yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Avvalroq Andijon va Farg‘ona viloyatlarida yashovchi besh nafar shaxs O‘zbekistondan Hindistonga 1,1 milliard so‘mlik oltinni olib chiqishga uringan edi. Ular umumiy og‘irligi 755 gramm bo‘lgan oltin quymalar va zargarlik buyumlarini tanasi ichiga yashirgan.