Iqtisod

O‘zbekiston va Ozarbayjon energetika sohasida hamkorlikni kengaytirmoqda

O‘zbekiston va Ozarbayjon energetika sohasida hamkorlikni kengaytirmoqda
O‘zbekiston va Ozarbayjon energetika sohasida hamkorlikni kengaytirmoqda / Foto: Oʻzbekiston Energetika vazirligi.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — 17 sentyabr kuni Bokuda O‘zbekiston energetika vaziri Sherzod Xo‘jayev Ozarbayjon energetika vaziri Parviz Shahbozov bilan uchrashdi.

Tomonlar avgust oyida ikki davlat rahbarlarining uchrashuvida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish, shuningdek, energetika sohasidagi hamkorlikni yana-da rivojlantirish masalalarini muhokama qildi. Bu haqda O‘zbekiston Energetika vazirligi xabar berdi.

Muzokaralar davomida ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirish, yangi istiqbolli loyihalarni ishlab chiqish va neft-gaz sohasidagi hamkorlikni rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratildi.

Shuningdek, tomonlar elektr energetikasi va qayta tiklanuvchi energiya manbalari sohasidagi hamkorlik, «Markaziy Osiyo — Ozarbayjon yashil energetika koridori» loyihasini amalga oshirish, geologiya-qidiruv ishlarini olib borish, neft va neft mahsulotlarini yetkazib berish, shuningdek, neftni qayta ishlash sohasidagi qo‘shma loyihalarni ko‘rib chiqdi.

Uchrashuvda ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlar va o‘zaro ishonch asosidagi hamkorlik strategik sheriklikni, jumladan, energetika sohasida yana-da rivojlantirish uchun asos yaratayotgani taʼkidlandi.

Muzokaralar yakunlari bo‘yicha O‘zbekiston Energetika vazirligi va Ozarbayjon Energetika vazirligi 2026–2028 yillarga mo‘ljallangan energetika sohasidagi hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha Yo‘l xaritasini imzoladi.

Hujjatda «Yashil energetika koridori» loyihasini amalga oshirish, neft-gaz sohasida geologiya-qidiruv va qazib chiqarish yo‘nalishlarida hamkorlik qilish, neft va neft mahsulotlarini yetkazib berish, neftni qayta ishlash sohasida qo‘shma loyihalarni rivojlantirish, shuningdek, SOCARning O‘zbekistondagi faoliyatini kengaytirish nazarda tutilgan.

 

Dilafro'z Niyazova
Dilafro'z Niyazova

Dilafruz Niyazova 2025-yildan buyon UzDaily jamoasida faoliyat yuritib, nashrning o'zbek tilidagi versiyasi uchun mas'uldir.