Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston sug‘urta bozorida 2026 yilning birinchi yarmida jami sug‘urta to‘lovlari 80,9 foizga oshib, 2,253 trillion so‘mga yetdi. O‘tgan yilning mos davrida bu ko‘rsatkich 1,245 trillion so‘mni tashkil etgan. To‘lovlar o‘sish surʼati shu davrda 28,6 foizni tashkil etgan sug‘urta mukofotlari o‘sishidan sezilarli darajada yuqori bo‘ldi. Bu haqda Istiqbolli loyihalar milliy agentligi (ILMA) xabar berdi.
To‘lovlarning asosiy qismi hanuz umumiy sug‘urta sohasi hisobiga to‘g‘ri kelmoqda. Ushbu sohadagi to‘lovlar 82,6 foizga oshib, 2,156 trillion so‘mni tashkil etdi.
Shundan ixtiyoriy sug‘urta bo‘yicha to‘lovlar deyarli ikki baravarga, yaʼni 97,1 foizga oshib, 1,930 trillion so‘mga yetdi. Majburiy sug‘urta bo‘yicha esa o‘sish nisbatan moʻtadil bo‘lib, 12,2 foizni tashkil etdi va to‘lovlar 226,4 milliard so‘mga yetdi.
Hayot sug‘urtasi sohasida to‘lovlar 49,8 foizga oshib, 96,6 milliard so‘mni tashkil etdi. Jumladan, majburiy sug‘urta bo‘yicha to‘lovlar 25,6 foizga oshib, 12,0 milliard so‘mga, ixtiyoriy sug‘urta bo‘yicha to‘lovlar esa 54,0 foizga oshib, 84,5 milliard so‘mga yetdi.
Umumiy sug‘urta sohasida faoliyat yurituvchi sug‘urtalovchilar orasida eng ko‘p to‘lovni bozor yetakchisi «Apex Insurance» AJ amalga oshirdi. Kompaniya tomonidan 926,9 milliard so‘m to‘langan bo‘lib, bu bir yil avvalgi ko‘rsatkichdan 3 baravardan ziyod, yaʼni 222,8 foizga yuqori.
“O‘zbekinvest” EISK AJda to‘lovlar yana-da yuqori surʼatda o‘sdi. Kompaniyaning to‘lovlari 380,4 foizga oshib, 283,6 milliard so‘mga yetdi.
«Gross Sug‘urta Kompaniyasi» AJ to‘lovlarni 109,3 foizga oshirib, 203,9 milliard so‘mga, «Kafolat Sug‘urta Kompaniyasi» AJ esa 100,7 foizga oshirib, 155,8 milliard so‘mga yetkazdi.
Ayrim kompaniyalarda, aksincha, to‘lovlar hajmi qisqardi. «Temiryo‘l Sug‘urta» AJ to‘lovlarni 58,8 foizga kamaytirib, 14,8 milliard so‘mga tushirdi. “My-Insurance” AJda bu ko‘rsatkich 50,6 foizga kamayib, 89,9 milliard so‘mni, «Kapital Sug‘urta» AJda esa 22,7 foizga kamayib, 41,8 milliard so‘mni tashkil qildi.
Hayot sug‘urtasi sohasida ham to‘lovlar asosan bitta kompaniya hisobiga to‘g‘ri kelmoqda. «Apex Life Insurance» AJ 76,1 milliard so‘m miqdorida to‘lovlarni amalga oshirdi. Bu bir yil avvalgi ko‘rsatkichdan 64,8 foizga ko‘p bo‘lib, soha bo‘yicha jami to‘lovlarning qariyb 79 foizini tashkil etdi.
Sohaning qolgan kompaniyalari — «Alfa Life Insurance» to‘lovlarni 11,4 foizga oshirib, 9,7 milliard so‘mga, «Kafolat Hayot Insurance» 25,5 foizga oshirib, 2,8 milliard so‘mga, «Agros Hayot» esa 12,8 foizga oshirib, 1,5 milliard so‘mga yetkazdi. «O‘zbekinvest Hayot Sug‘urta Kompaniyasi»da esa to‘lovlar 3,1 foizga kamayib, 5,8 milliard so‘mni tashkil qildi.
«TBC Sug‘urta» AJ hisobot davrida to‘lovlarni amalga oshirishni boshladi. Kompaniya 661 million so‘m to‘ladi, o‘tgan yilning mos davrida esa to‘lovlar amalga oshirilmagan.