Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Prezidenti Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva “O‘zbekfilm” kinostudiyasiga tashrif buyurib, uning joriy holati va faoliyati bilan tanishdi. U kinostudiyani milliy brend va mamlakat zamonaviy kinoindustriyasining tayanch markaziga aylantirish zarurligini taʼkidladi.
Saida Mirziyoyevaning so‘zlariga ko‘ra, “O‘zbekfilm” nafaqat suratga olish maydoni, balki qariyb bir asr davomida o‘zbek xalqining tarixi, taqdiri va kechinmalarini aks ettirib kelayotgan milliy kinematografiyaning asosiy markazlaridan biri hisoblanadi.
U sohani boshqarish tizimini o‘zgartirishni asosiy vazifalardan biri sifatida qayd etdi. Uning taʼkidlashicha, davlat ijodiy jarayonga aralashadigan buyurtmachi sifatida emas, balki kinoindustriyani rivojlantirish va moliyaviy qo‘llab-quvvatlash uchun sharoit yaratadigan strategik hamkor sifatida ishtirok etishi kerak.
Bunda sohaning asosiy harakatlantiruvchi kuchlari xususiy kinostudiyalar, mustaqil prodyuserlar va mualliflar bo‘lishi lozim.
Kino mahsulotlarini ishlab chiqarishdan tortib, uni tomoshabinga yetkazishgacha bo‘lgan butun zanjirni, jumladan, moliyalashtirish, distributsiya, prokat, xalqaro festivallarda ishtirok etish va eksport jarayonlarini modernizatsiya qilish rejalashtirilmoqda. Shuningdek, milliy kinematografiya merosini saqlash, restavratsiya qilish va raqamlashtirish tizimini mustahkamlash, mutaxassislar tayyorlash va xalqaro tajriba almashish imkoniyatlarini kengaytirish ko‘zda tutilmoqda.
Professional muhit va o‘zini o‘zi tartibga solish madaniyatini shakllantirishga ham alohida eʼtibor qaratiladi. Bunda rejissyorlar va kino mahsulotlarining boshqa ijodkorlari fikri, tajribasi va nufuzi inobatga olinadi.
Tashrif yakunida Saida Mirziyoyeva Abu Ali ibn Sinoning bolaligi haqidagi tarixiy film suratga olinayotgan maydonga bordi.
U keng ko‘lamli dekoratsiyalar va ijodiy jamoa faoliyati bilan tanishib, film ijodkorlariga muvaffaqiyat tiladi.