Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — «Boysun do‘ppisi» geografik ko‘rsatkich sifatida ro‘yxatdan o‘tkazildi. Surxondaryo viloyatining Boysun tumanida qadimdan tayyorlab kelinayotgan dumaloq shakldagi milliy bosh kiyim anʼanaviy “piltado‘zi” kashtachilik usulida bajarilgan bezaklari bilan ajralib turadi.
Mahsulotning o‘ziga xos xususiyatlari unda qo‘llaniladigan kashtachilik usuli, geometrik naqshlar, yorqin ranglar uyg‘unligi hamda tayyorlashning anʼanaviy usullari bilan bog‘liq. Boysun do‘ppisini bezashda “chilxol”, “chayongul”, “qo‘chqorshoxi”, “archa” va “ko‘zacha” naqshlaridan foydalaniladi.
Geografik ko‘rsatkich sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishi «Boysun do‘ppisi» nomini hamda uning Boysun tumani hududi bilan bog‘liq xususiyatlarini huquqiy muhofaza qilishni taʼminlaydi.
Ro‘yxatdan o‘tkazish, shuningdek, mahsulotning anʼanaviy xususiyatlari va uni tayyorlash usullarini saqlab qolishga qaratilgan bo‘lib, Boysun hunarmandlari mahsulotlarini ichki va xalqaro bozorlarda ilgari surish uchun huquqiy asos yaratadi.
Geografik ko‘rsatkich intellektual mulk obyekti hisoblanadi hamda tovar sifati, obro‘si yoki boshqa xususiyatlarining muayyan geografik hudud bilan bog‘liqligini tasdiqlaydi.