Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Toshkent tumani hokimi Sardorbek Ergashev Xitoyning Lyanyungan shahriga tashrifi davomida hududga yangi investitsiyalarni jalb qilish va zamonaviy texnologiyalarni joriy etish masalalari bo‘yicha muzokaralar o‘tkazdi.
Tomonlar Yingyou Xinlichen Textile Technology kompaniyasi bilan to‘qimachilik sohasida hamkorlik qilishga kelishib oldi. Bu haqda Toshkent viloyati hokimligi xabar berdi.
Uchrashuvlar davomida Lyanyunganning iqtisodiy va sanoat salohiyati, ilg‘or ishlab chiqarish tajribasi hamda Toshkent tumanida zamonaviy texnologiyalarni joriy etish imkoniyatlari muhokama qilindi.
Muzokaralar yakunlari bo‘yicha Yingyou Xinlichen Textile Technology kompaniyasi bilan hamkorlik to‘g‘risida memorandum imzolandi. Hujjat zamonaviy to‘qimachilik texnologiyalari, ishlab chiqarish quvvatlarini yaratish, investitsiyaviy loyihalarni amalga oshirish va tajriba almashish sohalarida hamkorlikni nazarda tutadi.
Xitoy tomoniga Toshkent tumanining investitsiyaviy imkoniyatlari, mavjud sanoat infratuzilmasi hamda xorijiy investorlar uchun yaratilayotgan shart-sharoitlar ham taqdim etildi.
Erishilgan kelishuvlar hududda yangi ishlab chiqarish loyihalarini amalga oshirish va qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratishga xizmat qilishi kutilmoqda.