Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — “O‘zbekekspertiza” AJ va Rossiya Federal bojxona xizmati tovarlarning kelib chiqishi to‘g‘risidagi sertifikatlarni elektron shaklda almashish tizimini sinovdan o‘tkazishga tayyorgarlik ko‘rmoqda.
Tegishli masalalar 17 sentyabr kuni “O‘zbekekspertiza” AJ bosh direktori Umidxon Azamxo‘jayevning Rossiya FBXning O‘zbekistondagi vakili N. Xaryushin bilan ishchi uchrashuvida muhokama qilindi. Bu haqda “O‘zbekekspertiza” AJ xabar berdi.
Tomonlar O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasida tovarlarning kelib chiqishi to‘g‘risidagi sertifikatlarni o‘zaro tan olish va elektron shaklda qabul qilish bo‘yicha kelishuvni amalga oshirish masalalarini muhokama qildi.
“O‘zbekekspertiza” maʼlumotlariga ko‘ra, 2026 yilda Rossiyaga eksport qilinayotgan tovarlar uchun 75 522 ta kelib chiqish sertifikati rasmiylashtirilgan.
Ayni vaqtda “O‘zbekekspertiza” AJ axborot almashinuvini elektron shaklda amalga oshirish uchun zarur texnik sharoitlarni yaratgan.
Uchrashuvda tizimni sinovdan o‘tkazishga tayyorgarlik masalalariga, jumladan, zarur texnik va tashkiliy chora-tadbirlarni amalga oshirishga alohida eʼtibor qaratildi.
Tizim to‘liq ishga tushirilganidan so‘ng eksportchilardan tovarlarning kelib chiqishi to‘g‘risidagi sertifikatlarni qog‘oz shaklida taqdim etish talab qilinmaydi.
Elektron almashinuv bojxona rasmiylashtiruvini tezlashtirishi va tegishli tartib-taomillarni yana-da shaffof qilish imkonini berishi kutilmoqda.