Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — 19 sentyabr kuni kechqurun Toshkent aholisi osmonda uzun yorug‘ iz qoldirgan holda harakatlangan yorqin obyektni kuzatdi. O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Mirzo Ulug‘bek nomidagi Astronomiya instituti katta ilmiy xodimi Kamoliddin Ergashev ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan foto va videomateriallarni dastlabki tahlildan o‘tkazdi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi xabar berdi.
Mutaxassisning so‘zlariga ko‘ra, obyektning tashqi ko‘rinishi, harakatlanish xususiyati va hosil bo‘lgan iz meteor yoki bolidga xos belgilarga ega emas. Kuzatilgan hodisa raketa yoki uning yuqori bosqichi bilan bog‘liq jarayonlarga ko‘proq mos keladi.
Mutaxassislar ushbu hodisaning ehtimoliy sababi sifatida 19 sentyabr kuni Xitoyda amalga oshirilgan kosmik uchirishni ko‘rsatmoqda. Tayyuan kosmodromidan Long March-2D (Chang Zheng-2D) tashuvchi raketa uchirilgan va u PIESAT-2 seriyasiga kiruvchi to‘rtta sunʼiy yo‘ldoshni orbitaga olib chiqqan.
Dastlabki orbital hisob-kitoblar raketa uchirilgan vaqt va uning trayektoriyasi, shuningdek, Toshkent osmonida obyekt kuzatilgan vaqt va yo‘nalish o‘rtasida yaxshi muvofiqlik borligini ko‘rsatdi.
Shu bilan birga, mutaxassislar hozircha obyektni Long March-2D raketasining muayyan qismi sifatida aniq identifikatsiya qilishga erta ekanini taʼkidlamoqda. Yaqinda uchirilgan obyektlar bo‘yicha xalqaro orbital kataloglarda hozircha zarur elementlar va bunday bog‘liqlikni tasdiqlash imkonini beruvchi mustaqil identifikatsiya mavjud emas.
Shunday qilib, mutaxassislarning dastlabki xulosasiga ko‘ra, Toshkent osmonida kuzatilgan yorqin hodisa meteor yoki bolidga xos belgilarga ega emas.