Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Toshkent viloyati hokimi o‘rinbosari Jahongir Mamajonov Xitoyning Anxoy provinsiyasi gubernatori o‘rinbosari Sun Yun bilan uchrashdi. Tomonlar savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish, sanoat kooperatsiyasi hamda qo‘shma loyihalarni amalga oshirish masalalarini muhokama qildi. Bu haqda Toshkent viloyati hokimligi xabar berdi.
Uchrashuvda avtomobilsozlik, agrotexnologiyalar, logistika, “yashil” energetika va zamonaviy texnologiyalar sohalarida hamkorlik qilish istiqbollari ko‘rib chiqildi.
O‘zbekiston tomoni Toshkent viloyatida ko‘p funksiyali sanoat parki hamda zamonaviy qishloq xo‘jaligi texnologiyalari namoyish parkini tashkil etish bo‘yicha takliflarni taqdim etdi. Shuningdek, Xitoy kompaniyalarini yangi investitsiyaviy loyihalarni amalga oshirishga jalb qilish masalasi muhokama qilindi.
Tomonlar muntazam ravishda biznes-forumlar, B2B uchrashuvlar va o‘zaro ishbilarmonlik tashriflarini o‘tkazish, shuningdek, hududlar o‘rtasidagi amaliy hamkorlikni yana-da rivojlantirishga kelishib oldi.
Tashrif doirasida Anxoy provinsiyasining iqtisodiyotidagi yangi tarmoqlar, transmilliy korporatsiyalar faoliyati, Anxoy — Gonkong — Makao sanoat hamkorligi, shuningdek, Anxoy, Kot-d‘Ivuar va O‘zbekiston o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalarga bag‘ishlangan konferensiyalar ham bo‘lib o‘tdi.
Anxoy Xitoyning yirik sanoat va innovatsiya markazlaridan biri hisoblanadi. Provinsiya iqtisodiyotining asosiy yo‘nalishlari qatoriga avtomobilsozlik, yangi energetika, yuqori texnologiyali ishlab chiqarish, sunʼiy intellekt va zamonaviy uskunalar ishlab chiqarish kiradi.