Iqtisod

O‘zbekiston Germaniya va Avstriya kompaniyalari bilan qo‘shma loyihalarni muhokama qildi

O‘zbekiston Germaniya va Avstriya kompaniyalari bilan qo‘shma loyihalarni muhokama qildi
O‘zbekiston Germaniya va Avstriya kompaniyalari bilan qo‘shma loyihalarni muhokama qildi / Foto: Yevropa Ittifoqi.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — 2026 yil 17 sentyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligida Germaniya va Avstriya kompaniyalari vakillaridan iborat delegatsiya bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi xabar berdi.

Uchrashuvda axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, qurilish materiallari ishlab chiqarish, qishloq xo‘jaligi, turizm, taʼlim, shaharsozlik va mashinasozlik sohalarida investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish hamda qo‘shma loyihalarni amalga oshirish istiqbollari muhokama qilindi.

Xorijiy kompaniyalar vakillari O‘zbekistonda hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha o‘z takliflarini taqdim etdi hamda qo‘shma investitsiya loyihalarini amalga oshirish imkoniyatlari yuzasidan fikr almashdi.

Delegatsiya aʼzolariga O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar, investitsiyaviy muhitni yaxshilash bo‘yicha ko‘rilayotgan choralar, xorijiy investorlarga taqdim etilayotgan imtiyoz va preferensiyalar, shuningdek, biznes yuritish shartlari hamda mintaqaviy bozorlarga chiqish imkoniyatlari haqida maʼlumot berildi.

Uchrashuv yakunlari bo‘yicha tomonlar istiqbolli loyiha takliflarini ishlab chiqish, ularni O‘zbekistonda amalga oshirish imkoniyatlarini o‘rganish hamda mazkur yo‘nalishda muntazam muloqotni davom ettirishga kelishib oldilar.

 

Dilafro'z Niyazova
Dilafro'z Niyazova

Dilafruz Niyazova 2025-yildan buyon UzDaily jamoasida faoliyat yuritib, nashrning o'zbek tilidagi versiyasi uchun mas'uldir.