Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligi vazirligida vazir o‘rinbosari Alisher Shukurovning Xalqaro qishloq xo‘jaligini rivojlantirish jamg‘armasining (IFAD) O‘zbekistondagi yangi vakili Tarek Abdelmonem bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi xabar berdi.
Muzokaralar davomida O‘zbekiston va IFAD o‘rtasidagi hamkorlikning joriy holati, amalga oshirilayotgan qo‘shma tashabbuslar hamda agrar sohada ikki tomonlama hamkorlikni yana-da rivojlantirishning istiqbolli yo‘nalishlari muhokama qilindi.
Uchrashuvda qiymati 44 mln dollar bo‘lgan ASPIR — «Agrobiznes uchun samarali yechimlar: yuqori daromad, investitsiyalar va barqarorlik» loyihasini qisqa muddatlarda amaliy bosqichga o‘tkazish masalasiga alohida eʼtibor qaratildi.
Loyiha O‘zbekistonda agrobiznesni rivojlantirish, fermerlar daromadini oshirish va qishloq joylarda barqaror iqtisodiy o‘sishni taʼminlashga qaratilgan. Uni 2027–2032 yillarda amalga oshirish rejalashtirilgan.
Dastlab loyihani Toshkent, Samarqand va Qashqadaryo viloyatlarida joriy etish ko‘zda tutilgan.
Loyihaning asosiy yo‘nalishlaridan biri meva-sabzavotchilik sohasidagi kichik fermer va dehqon xo‘jaliklarini qo‘llab-quvvatlash, ularning daromadlarini oshirish hamda bozorlar va moliyaviy xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirishdan iborat.
Bundan tashqari, uchrashuvda O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi sohasidagi yosh mutaxassislarni IFADning mintaqaviy ofislariga stajirovkaga yuborish bo‘yicha erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish jarayoni muhokama qilindi. Taʼkidlanganidek, mazkur tashabbus yosh kadrlarning xalqaro tajribasini oshirish, ularning kasbiy bilim va ko‘nikmalarini rivojlantirishga xizmat qiladi.
Uchrashuv yakunida tomonlar muntazam muloqotni davom ettirish, ASPIR loyihasini amaliy bosqichga o‘tkazish bo‘yicha ishlarni jadallashtirish hamda yosh mutaxassislarni IFAD doirasidagi stajirovka dasturlarida ishtirokini tashkil etish bo‘yicha hamkorlikni davom ettirishga kelishib oldilar.