Koreya biznesi Farg‘ona viloyatiga investitsiya kiritishga qiziqish bildirmoqda
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Janubiy Koreya kompaniyalari Farg‘ona viloyatida investitsiya loyihalarini amalga oshirishga qiziqish bildirdi. Bu haqda Farg‘ona viloyati hokimi Xayrullo Bozorovning Seul shahrida Koreya Respublikasi ishbilarmon doiralari vakillari bilan uchrashuvi davomida maʼlum bo‘ldi.
Uchrashuv Farg‘ona viloyati rahbarining Koreya Respublikasiga amaliy tashrifi doirasida bo‘lib o‘tdi.
Muzokaralarda Wonvain Co., Ltd, Euro Rent-a-Car Co., Ltd, Geumchang Development, China Shanghai Qigu Investment Co., Ltd, Zhejiang Caihua Technology Co., Ltd va KSW Co., Ltd kompaniyalari rahbarlari, shuningdek, Koyan shahri Tadbirkorlar va iqtisodchilar assotsiatsiyasi vakillari ishtirok etdi.
Ishtirokchilar Farg‘ona viloyati va Koreya ishbilarmon doiralari o‘rtasida investitsiyaviy hamda savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish, shuningdek, yangi loyihalarni tayyorlash va amalga oshirish istiqbollarini muhokama qildi.
Kompaniyalar vakillari Farg‘ona viloyatiga energetika, sanoat, qurilish va kosmetika mahsulotlari ishlab chiqarish sohalariga investitsiya kiritish bo‘yicha takliflarini taqdim etdi.
Koreya tomoniga, shuningdek, hududning iqtisodiy va investitsiyaviy salohiyati, sanoat infratuzilmasi, erkin iqtisodiy va kichik sanoat zonalarining imkoniyatlari, shuningdek, xorijiy investorlar uchun yaratilgan shart-sharoitlar haqida maʼlumot berildi.
Xayrullo Bozorov Farg‘ona viloyati Koreya Respublikasi kompaniyalari bilan uzoq muddatli va o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirishdan manfaatdor ekanini taʼkidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, istiqbolli tashabbuslarga ularni amalga oshirishning barcha bosqichlarida zarur tashkiliy va amaliy ko‘mak ko‘rsatiladi.
Koreya biznesi vakillari Farg‘ona viloyatining investitsiya muhiti va imkoniyatlariga katta qiziqish bildirib, taqdim etilgan yo‘nalishlar bo‘yicha hamkorlikni davom ettirishga tayyor ekanini tasdiqladi.
Uchrashuv yakunlari bo‘yicha tomonlar bildirilgan tashabbuslarni batafsil ishlab chiqish, aniq investitsiya loyihalarini tayyorlash va to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni davom ettirishga kelishib oldi.