Oʻzbekiston Senati ICAO aviatsiya protokollarini maʼqulladi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Senatning oʻn toʻqqizinchi yalpi majlisida “Xalqaro fuqaro aviatsiyasi toʻgʻrisidagi konvensiyaga kiritilgan oʻzgartirishlar bilan bogʻliq bayonnomalarni (Monreal, 2016-yil 6-oktyabr) ratifikatsiya qilish haqida”gi Qonun koʻrib chiqildi.
Mazkur bayonnomalar Xalqaro fuqaro aviatsiyasi tashkilotining boshqaruv va ekspert organlarida aʼzo davlatlar vakilligini kengaytirish, qaror qabul qilish jarayonida mintaqaviy manfaatlarni yanada muvozanatli hisobga olish hamda tashkilotning institutsional va ekspertlik salohiyatini oshirishga qaratilgan.
Senatorlar fikricha, konvensiyaga kiritilgan oʻzgartirishlar Oʻzbekistonning Xalqaro fuqaro aviatsiyasi tashkiloti doirasidagi xalqaro majburiyatlarini bajarish, tashkilotda amalga oshirilayotgan institutsional islohotlarni qoʻllab-quvvatlash imkonini beradi.
Qonun Xalqaro fuqaro aviatsiyasi tashkilotining boshqaruv organlariga Oʻzbekiston vakillarini ilgari surish, mintaqaviy manfaatlarni ifodalash va mamlakatimizning xalqaro aviatsiya sohasidagi ishtirokini kengaytirishga xizmat qiladi.
Muhokama yakunida senatorlar Qonunni maʼqulladi.