Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligi vazirligida vazir o‘rinbosari Alisher Shukurov Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti urug‘chilik assotsiatsiyasi (ECOSA) prezidenti Yildiroy Gencher bilan uchrashdi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi xabar berdi.
Uchrashuvda urug‘chilik sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish, sifatli va yuqori hosildor urug‘lardan foydalanish ko‘lamini kengaytirish, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish, shuningdek, ECOSA doirasida tajriba almashinuvini kuchaytirish masalalari muhokama qilindi.
Uchrashuv ishtirokchilari, shuningdek, O‘zbekistonning urug‘chilik sohasidagi salohiyatini oshirish, ECOSAga aʼzo davlatlar bilan amaliy aloqalarni kengaytirish, ilg‘or tajriba va texnologiyalar almashinuvini rivojlantirish istiqbollari yuzasidan fikr almashdilar.
Muzokaralarning asosiy mavzularidan biri joriy yil 27–28 oktyabr kunlari o‘tkazilishi rejalashtirilgan ECOSAning 9-sammitiga tayyorgarlik ko‘rish bo‘ldi.
Xususan, sammitni tashkil etish, O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligining tadbirda ishtirok etishi hamda urug‘chilik sohasining dolzarb masalalarini muhokama qilish bo‘yicha takliflar bildirildi.
Tomonlar sammitni urug‘chilik sohasida xalqaro hamkorlikni mustahkamlash, soha vakillari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni kengaytirish hamda yangi tashabbuslarni ilgari surish uchun muhim platforma sifatida tashkil etish masalalarini ko‘rib chiqdilar.
Uchrashuv yakunida tomonlar ECOSAning 9-sammitiga tayyorgarlik doirasida hamkorlikni davom ettirish, urug‘chilik sohasida o‘zaro manfaatli yo‘nalishlarni rivojlantirish va kelishilgan tashabbuslar ustida ishlashga kelishib oldilar.