Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Budapeshtda (Vengriya) 15–16 sentyabr kunlari «Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tizimlarini “yashillashtirish”ga integratsiyalashgan siyosiy yondashuv» mavzusida mintaqalararo siyosiy muloqot bo‘lib o‘tdi.
Tadbir BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO)ning Yevropa va Markaziy Osiyo, shuningdek, Yaqin Sharq va Shimoliy Afrika bo‘yicha mintaqaviy byurolari hamkorligida tashkil etildi. Bu haqda O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligi vazirligi xabar berdi.
Tadbirda O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligi vazirligi vakillari ham ishtirok etib, mamlakatda yashil qishloq xo‘jaligini rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar tajribasi bilan o‘rtoqlashdi.
Ikki kunlik muloqot davomida qishloq xo‘jaligini barqaror va ekologik jihatdan samarali rivojlantirish, agrooziq-ovqat tizimlaridagi dolzarb muammolarga kompleks yondashuvlarni shakllantirish, shuningdek, davlatlar o‘rtasida ilg‘or tajriba almashish masalalari muhokama qilindi.
O‘zbekiston tajribasini taqdim etish doirasida «Toza dala» tashabbusi, “Surxan-Agro” issiqxona xo‘jaligi maxsus zonasi faoliyati hamda qishloq xo‘jaligida joriy etilayotgan yangi subsidiyalar tizimi haqida taqdimot o‘tkazildi.
Tadbir doirasida ishtirokchilar uchun Vengriya hududlariga amaliy tashriflar ham tashkil etildi. Tashriflar davomida mamlakatning qishloq xo‘jaligi sohasidagi ilg‘or tajribasi o‘rganildi, sohada uchrayotgan muammolar va ularni hal etish yo‘llari yuzasidan fikr almashildi.
Muloqot yakunlari bo‘yicha agrooziq-ovqat tizimlarini barqaror rivojlantirish, tarmoqlararo hamkorlikni mustahkamlash va samarali siyosiy mexanizmlarni joriy etish bo‘yicha takliflar bildirildi.