Texnologiyalar

O‘zbekiston va Koreya Raqamli hukumat va AI Data Hub‘ni muhokama qildi

O‘zbekiston va Koreya Raqamli hukumat va AI Data Hub‘ni muhokama qildi
O‘zbekiston va Koreya Raqamli hukumat va AI Data Hub‘ni muhokama qildi / Foto: O‘zbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirligi.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vaziri o‘rinbosari Jamol Maxsudov va IT Park Uzbekistan ijrochi direktori Jahongir Rajabov Koreya Respublikasi Milliy axborot jamiyati agentligi (NIA) vakillari bilan uchrashuv o‘tkazdi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirligi xabar berdi.

Tomonlar elektron hukumat, maʼlumotlar infratuzilmasi va O‘zbekistonda davlat xizmatlarini raqamli transformatsiya qilish sohalarida hamkorlik istiqbollarini muhokama qildi.

Uchrashuvda sunʼiy intellekt asosidagi yechimlar uchun maʼlumotlar platformasi bo‘lgan AI Data Hub‘ni rivojlantirish masalasiga alohida eʼtibor qaratildi. Xususan, sunʼiy intellekt modellarini o‘qitish uchun maʼlumotlar to‘plamlarini shakllantirish masalalari ko‘rib chiqildi.

Muzokaralar yakunlari bo‘yicha tomonlar AI Data Hub loyihasi doirasida hamkorlikning ehtimoliy yo‘nalishlarini ishlab chiqishni davom ettirishga kelishib oldi. Bu NIAning shu kabi platformalarni yaratish va rivojlantirish, maʼlumotlar to‘plamlarini tayyorlash hamda zarur infratuzilmani shakllantirish masalalaridagi tajribasi va ekspertizasini almashishni ham o‘z ichiga oladi.

Shuningdek, NIAning O‘zbekistonda loyihani amalga oshirish jarayonida ko‘rsatadigan ekspertlik ko‘magining shakli va hajmini batafsil ko‘rib chiqish rejalashtirilmoqda.

Koreya Respublikasi Milliy axborot jamiyati agentligi (NIA) raqamli transformatsiya va axborot-kommunikatsiya texnologiyalariga ixtisoslashgan davlat agentligi hisoblanadi. U 1987 yilda tashkil etilgan. Tashkilot sunʼiy intellekt, raqamli hukumat, maʼlumotlar, AKT infratuzilmasi va raqamli taʼlim sohalarida loyihalarni amalga oshiradi.

2025 yilda NIA AI Hub platformasi orqali sunʼiy intellekt modellarini ishlab chiqish va o‘qitish uchun qariyb 1,18 milliard birlik davlat maʼlumotlarini taqdim etdi.

 

Dilafro'z Niyazova
Dilafro'z Niyazova

Dilafruz Niyazova 2025-yildan buyon UzDaily jamoasida faoliyat yuritib, nashrning o'zbek tilidagi versiyasi uchun mas'uldir.