Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Alisher Shukurov AQSH Qishloq xo‘jaligi vazirligining Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy qishloq xo‘jaligi maslahatchisi Rishan Chaudxri bilan uchrashuv o‘tkazdi. Bu haqda O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligi vazirligi xabar berdi.
Muzokaralar davomida O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi va AQSH Qishloq xo‘jaligi vazirligi o‘rtasida ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirish, idoralar o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishchi aloqalarni yo‘lga qo‘yish hamda o‘zaro manfaatli yo‘nalishlarda amaliy hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Qishloq xo‘jaligi mahsulotlari savdosini kengaytirish va agrar sohada o‘zaro manfaatli savdo-iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.
Shuningdek, Kaliforniya va Texas shtatlarining qishloq xo‘jaligini rivojlantirish borasidagi ilg‘or tajribasini o‘rganish, ushbu shtatlarda yetishtiriladigan asosiy qishloq xo‘jaligi ekinlari, zamonaviy ishlab chiqarish texnologiyalari, suv resurslaridan samarali foydalanish va yuqori hosildorlikka erishish masalalari muhokama qilindi. Shu bilan birga, mazkur tajriba va yondashuvlarni O‘zbekiston sharoitida qo‘llash imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.
Uchrashuvda agrar taʼlim va ilm-fan sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish masalalari ham muhokama qilindi. Xususan, O‘zbekiston va AQSHning yetakchi agrar universitetlari hamda ilmiy-tadqiqot muassasalari o‘rtasidagi aloqalarni kengaytirish, mutaxassislar va yosh kadrlar uchun tajriba almashish va malaka oshirishni tashkil etish istiqbollari ko‘rib chiqildi.
Uchrashuv yakunida tomonlar muntazam muloqotni davom ettirish, belgilangan yo‘nalishlar bo‘yicha hamkorlikning aniq tashabbuslarini ishlab chiqish hamda amaliy aloqalarni yana-da kengaytirish bo‘yicha ishlarni davom ettirishga kelishib oldi.