Iqtisod

O‘zbekistonda to‘qimachilik mahsulotlarini xalqaro sertifikatlash muhokama qilindi

O‘zbekistonda to‘qimachilik mahsulotlarini xalqaro sertifikatlash muhokama qilindi
O‘zbekistonda to‘qimachilik mahsulotlarini xalqaro sertifikatlash muhokama qilindi / Foto: O'zbekiston Texnik jihatdan tartibga solish agentligi.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekistonda to‘qimachilik korxonalari tashqi bozorlarga chiqishda inobatga olishi zarur bo‘lgan xalqaro talablar muhokama qilindi. Ochiq muloqot Texnik jihatdan tartibga solish agentligi huzuridagi Texnik jihatdan tartibga solish sohasida tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash klubi doirasida o‘tkazildi.

Tadbir Texnik jihatdan tartibga solish agentligi va Yengil sanoatni rivojlantirish agentligi hamkorligida, to‘qimachilik sohasidagi korxonalar ishtirokida tashkil etildi.

Ishtirokchilar mahalliy ishlab chiqaruvchilarning eksport salohiyatini oshirish, texnik to‘siqlarni bartaraf etish va xalqaro standartlarni joriy qilish masalalarini ko‘rib chiqdi. 2025 yil yakunlariga ko‘ra, O‘zbekiston to‘qimachilik mahsulotlari eksporti 2,6 milliard dollarga yetdi va mahsulotlar 75 ta davlatga yetkazib berildi. 2026 yil uchun eksport hajmini 4 milliard dollarga yetkazish vazifasi belgilangan.

Tadbirkorlarga to‘qimachilik mahsulotlarini istalgan xorijiy bozorga eksport qilish imkonini beradigan universal sertifikat mavjud emasligi tushuntirildi.

Talablar mahsulot yetkazib beriladigan mamlakat va uning muayyan turiga qarab farq qiladi. Ular texnik reglamentlar, markirovka, xavfsizlik, laboratoriya sinovlari, kimyoviy moddalar tarkibi va xorijiy xaridorlarning qo‘shimcha shartlarini qamrab olishi mumkin.

Shu munosabat bilan korxonalarga mahsulot yetkazib berish rejalashtirilayotgan muayyan bozor talablarini oldindan o‘rganish tavsiya etildi.

Yevropa Ittifoqi va AQSH bozorlariga chiqishning o‘ziga xos jihatlari ham alohida ko‘rib chiqildi. Yevropa Ittifoqi uchun to‘qimachilik mahsulotlarining tola tarkibini to‘g‘ri ko‘rsatish va markirovka talablariga rioya qilish muhim ahamiyatga ega. AQSHda esa tolalar tarkibi, ishlab chiqarilgan mamlakat, ishlab chiqaruvchi va kiyim-kechakni parvarish qilish bo‘yicha ko‘rsatmalar haqidagi maʼlumotlarga qo‘yiladigan talablarni inobatga olish zarur.

Mutaxassislar OEKO-TEX® STANDARD 100 va Global Organic Textile Standard (GOTS) xalqaro standartlarining maqsadi haqida ham maʼlumot berdi. Uchrashuvda taʼkidlanganidek, tegishli sertifikatlash turini tanlashda korxonalar muayyan sertifikatning qanchalik keng tarqalganiga emas, balki maqsadli bozor talablari, mahsulot xususiyatlari va xorijiy xaridor shartlariga asoslanishi lozim.

Laboratoriya sinovlari va ishlab chiqarishni metrologik taʼminlash masalalariga ham katta eʼtibor qaratildi.

Tadbirkorlarga mahsulotning tarkibi, fizik-mexanik xususiyatlari, bo‘yoqqa chidamliligi, tola tarkibi va zararli moddalar miqdorini aniqlash bo‘yicha tadqiqotlar o‘tkazish yuzasidan tavsiyalar berildi.

Bundan tashqari, ishlab chiqarish korxonalarida qo‘llaniladigan o‘lchov vositalarining aniqligi va ishonchliligini taʼminlash masalalari ko‘rib chiqildi.

Tadbir yakunida mutaxassislar tadbirkorlarning sertifikatlash, sinovlar, markirovka, xalqaro standartlarni joriy etish va eksportda texnik to‘siqlarni bartaraf qilish bilan bog‘liq savollariga javob berdi.

Ishtirokchilar korxonalar uchun yakuniy maqsad sertifikatni rasmiy ravishda olish emas, balki xalqaro talablarga javob beradigan, sifatli va raqobatbardosh, tashqi bozorlarda talab yuqori bo‘lgan mahsulot ishlab chiqarish bo‘lishi kerakligini taʼkidladi.

 

Dilafro'z Niyazova
Dilafro'z Niyazova

Dilafruz Niyazova 2025-yildan buyon UzDaily jamoasida faoliyat yuritib, nashrning o'zbek tilidagi versiyasi uchun mas'uldir.