Moliya

O‘zbekistonda sug‘urta mukofotlari yarim yilda 28,6% o‘sdi

O‘zbekistonda sug‘urta mukofotlari yarim yilda 28,6% o‘sdi
O‘zbekistonda sug‘urta mukofotlari yarim yilda 28,6% o‘sdi / Foto: ILMA.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston sug‘urta bozorida 2026 yilning birinchi yarmi yakunlariga ko‘ra 8,019 trillion so‘mlik sug‘urta mukofotlari yig‘ildi. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 28,6 foizga ko‘p. 2025 yilning birinchi yarmida ushbu ko‘rsatkich 6,235 trillion so‘mni tashkil etgan. Bu haqda Istiqbolli loyihalar milliy agentligi (ILMA) xabar berdi.

Bozordagi sug‘urta tashkilotlari soni bir yil ichida 34 tadan 35 taga oshdi. Shundan hayotni sug‘urtalash bilan shug‘ullanuvchi kompaniyalar soni oltitadan yettitaga yetdi. Sug‘urtachilarning jami ustav kapitali 37,2 foizga oshib, 4,293 trillion so‘mni tashkil qildi.

Sug‘urta agentlari soni 3442 tadan 3951 taga yetdi, yaʼni 14,8 foizga ko‘paydi. Shu bilan birga, yuridik shaxs maqomidagi agentlar soni 16,6 foizga kamayib, 1188 tani tashkil etdi.

Sug‘urta brokerlari soni 11 tadan 10 taga qisqardi, aktuariylar soni esa o‘zgarmadi — yettita. To‘lovlarni kafolatlash jamg‘armasi ishtirokchisi bo‘lgan sug‘urta tashkilotlari soni ham bir yil davomida o‘zgarmay, 25 tani tashkil etdi.

Sug‘urta mukofotlari o‘sishiga asosiy hissani avvalgidek umumiy sug‘urta sohasi qo‘shgan. Unda yig‘ilgan mukofotlar 28,1 foizga oshib, 7,495 trillion so‘mga yetdi. Hayotni sug‘urtalash bo‘yicha mukofotlar esa 36,6 foizga o‘sib, 524,8 milliard so‘mni tashkil qildi.

Jami sug‘urta mukofotlari tarkibida ixtiyoriy sug‘urtaning, hayotni sug‘urtalash hisobga olinmagan holda, ulushi qariyb 83 foizni, majburiy sug‘urtaning ulushi taxminan 11 foizni, hayotni sug‘urtalashning ulushi esa qariyb 7 foizni tashkil etdi.

Bozor bo‘yicha sug‘urta to‘lovlari 80,9 foizga oshib, 2,253 trillion so‘mga yetdi. Umumiy sug‘urta sohasida to‘lovlar 82,6 foizga ko‘payib, 2,156 trillion so‘mni tashkil qildi. Shundan ixtiyoriy sug‘urta bo‘yicha to‘lovlar 1,930 trillion so‘mni tashkil etib, 97,1 foizga oshdi. Hayotni sug‘urtalash sohasida esa to‘lovlar 49,8 foizga o‘sib, 96,6 milliard so‘mga yetdi.

Bozor ishtirokchilarining jami sug‘urta majburiyatlari 48,2 foizga oshib, 4,415 trillion so‘mni tashkil qildi. Eng keskin o‘sish hayotni sug‘urtalash sohasida qayd etildi. Bu yerda majburiyatlar 34 barobardan ziyod — 13,3 milliard so‘mdan 460,5 milliard so‘mgacha oshgan.

Ushbu o‘sishning deyarli barchasi Apex Life Insurance kompaniyasi hisobiga to‘g‘ri kelgan. Kompaniyaning majburiyatlari 9,6 milliard so‘mdan 455 milliard so‘mgacha oshgan. Natijada hayotni sug‘urtalash sohasidagi majburiyatlar o‘sishining qariyb 99,6 foizi mazkur kompaniya hissasiga to‘g‘ri keldi. Yarim yil yakuniga ko‘ra, kompaniya ushbu segmentdagi barcha majburiyatlarning taxminan 98,8 foizini egallab turibdi.

Sug‘urta tashkilotlarining jami investitsiyalari bir yil ichida 28,8 foizga ko‘payib, 10,740 trillion so‘mga yetdi. Investitsiya portfeli tarkibida bank depozitlarining ulushi 60,9 foizdan 65,1 foizga oshib, 6,991 trillion so‘mni tashkil qildi. Qimmatli qog‘ozlarning ulushi esa 16,7 foizdan 14,2 foizga, ko‘chmas mulkning ulushi 18,7 foizdan 16,5 foizga tushdi. Boshqa investitsiyalar ulushi 1,9 foizdan 3,1 foizga oshdi.

Umumiy sug‘urta sohasida sof sug‘urta mukofotlari hajmi bo‘yicha bozor yetakchisi sifatida AJ Apex Insurance qolmoqda. Kompaniyaning sof sug‘urta mukofotlari 1,524 trillion so‘mni tashkil etib, 2025 yilning birinchi yarmiga nisbatan 41,2 foizga oshgan.

Hayotni sug‘urtalash segmentida esa AJ Apex Life Insurance yetakchilik qilmoqda. Kompaniyaning sof sug‘urta mukofotlari 380,9 milliard so‘mni tashkil etdi, bu bir yil oldingi ko‘rsatkichdan 53,4 foizga yuqori.

 

Dilafro'z Niyazova
Dilafro'z Niyazova

Dilafruz Niyazova 2025-yildan buyon UzDaily jamoasida faoliyat yuritib, nashrning o'zbek tilidagi versiyasi uchun mas'uldir.