O‘zbekiston

O‘zbek davlat sirkini turistik obyektga aylantirish rejalashtirilmoqda

O‘zbek davlat sirkini turistik obyektga aylantirish rejalashtirilmoqda
O‘zbek davlat sirkini turistik obyektga aylantirish rejalashtirilmoqda / Foto: O'zbekiston Savdo-sanoat palatasi.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbek davlat sirkini modernizatsiya qilish va zamonaviy madaniy hamda turistik obyektga aylantirish rejalashtirilmoqda. Bu haqda O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi xabar berdi.

Sirk sanʼati va estrada tomoshalari ijodiy birlashmasi faoliyatini rivojlantirish bo‘yicha amaliy ishlar O‘zbekiston Prezidentining 2 iyundagi «Madaniyat, sanʼat va adabiyot sohalarini yana-da rivojlantirish bo‘yicha keng ko‘lamli chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi PF–103-son farmoni ijrosi doirasida boshlandi.

O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi raisi Davron Vahobov Jamoatchilik kengashi aʼzolari bilan birgalikda O‘zbek davlat sirkiga tashrif buyurdi. Tashrif davomida obyektning hozirgi holati, infratuzilmasi va uni yana-da rivojlantirish imkoniyatlari o‘rganildi.

Uchrashuv ishtirokchilari sirk faoliyatini zamonaviy talablarga moslashtirish, tadbirkorlarni jalb qilish va obyektning turistik salohiyatidan yana-da samarali foydalanish masalalarini muhokama qildi.

Xususan, 2,5 ming o‘ringa mo‘ljallangan doimiy ko‘rgazma va madaniy-ko‘ngilochar maydon tashkil etish, sirk atrofidagi hududni obodonlashtirish hamda sayyohlar uchun yana-da jozibador muhit yaratish taklif etildi. Bu sayyohlar oqimini oshirish imkonini berishi kutilmoqda.

Shuningdek, mavjud infratuzilma muammolarini bartaraf etish choralari belgilandi. Binoda zamonaviy ventilyatsiya va isitish tizimlarini joriy etish, shuningdek, tom qismidan yomg‘ir suvi oqib kirishi muammosini hal qilish rejalashtirilgan.

Sirkni rivojlantirish bo‘yicha kompleks texnik-iqtisodiy biznes-reja ishlab chiqish uchun Rossiya, Xitoy va Fransiyadan xorijiy konsalting kompaniyalarini jalb qilish rejalashtirilmoqda.

Shu bilan birga, barcha o‘zgarishlar va taʼmirlash ishlari madaniy merosni muhofaza qilish sohasidagi qonunchilik talablariga rioya etgan holda amalga oshirilishi kerak. Loyihalar belgilangan tartibda Madaniy meros agentligi bilan kelishiladi.

Tashabbuslar amalga oshirilishi natijasida O‘zbek davlat sirki madaniy va ko‘rgazma faoliyati, tadbirkorlik, ko‘ngilochar xizmatlar hamda turizmni birlashtirgan zamonaviy maydonga aylantirilishi rejalashtirilmoqda.

 

Dilafro'z Niyazova
Dilafro'z Niyazova

Dilafruz Niyazova 2025-yildan buyon UzDaily jamoasida faoliyat yuritib, nashrning o'zbek tilidagi versiyasi uchun mas'uldir.