Narbaeva Samarqandda Tuliya Ekson bilan uchrashdi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Samarqand shahrida Yosh parlament aʼzolarining XII global konferensiyasi doirasida Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva va Parlamentlararo Ittifoq Prezidenti Tuliya Ekson o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Senat Raisi Tuliya Ekson bilan muntazam muloqotlar O‘zbekiston hamda Parlamentlararo Ittifoq o‘rtasidagi ishonchli va samarali hamkorlikni rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etayotganini taʼkidladi.
Shuningdek, Tuliya Eksonning Parlamentlararo Ittifoq Prezidenti sifatidagi faoliyati davomida tashkilotning parlament diplomatiyasidagi o‘rni yana-da mustahkamlangani, tinchlik, inson huquqlari, gender tenglik, sunʼiy intellekt va yoshlar masalalari bo‘yicha muhim tashabbuslar ilgari surilgani qayd etildi.
O‘zbekiston uchun Parlamentlararo Ittifoq bilan hamkorlik doirasida 2025-yilda Toshkentda o‘tkazilgan 150-Assambleya alohida ahamiyatga ega bo‘ldi. Ilk bor Markaziy Osiyoda tashkil etilgan mazkur nufuzli tadbirda 140 ga yaqin mamlakatdan 2 mingdan ortiq delegat, shu jumladan, 740 nafar parlament aʼzosi ishtirok etdi.
Toshkent deklaratsiyasini amalga oshirish masalalariga ham eʼtibor qaratildi. Mazkur hujjat parlamentlarni ijtimoiy taraqqiyot va adolatni taʼminlash yo‘lidagi amaliy harakatlarga undaydi.
Samarqandda o‘tkazilayotgan Yosh parlament aʼzolarining XII global konferensiyasi esa yoshlarning siyosiy jarayonlardagi ishtiroki va qarorlar qabul qilishdagi rolini kuchaytirishga qaratilgan muhim xalqaro muloqot maydoni sifatida xizmat qilmoqda.
Uchrashuv yakunida O‘zbekiston va Tanzaniya parlamentlari o‘rtasidagi aloqalarni yanada rivojlantirish, tajriba almashish va parlament diplomatiyasi doirasida hamkorlikni kengaytirishga ham tayyorlik bildirildi.