O‘zbekiston va Xitoy qurilish sohasidagi loyihalarni muhokama qildi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekistonda qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohalarida Xitoy kompaniyalari bilan hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi. Uchrashuvda issiqlik taʼminotini modernizatsiya qilish va investitsiya loyihalarini amalga oshirish masalalariga ham eʼtibor qaratildi.
Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligida China Railway Prefabricated Xinjiang Construction Development Co., Ltd. va Hengkang Technology Kenya Co., Ltd. kompaniyalari delegatsiyasi bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Industrial qurilish va yangi texnologiyalar
Muzokaralar davomida tomonlar o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish hamda qurilish va kommunal sohalarda istiqbolli loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlarini ko‘rib chiqdi.
Yig‘ma va industrial qurilish yechimlaridan keng foydalanishga alohida eʼtibor qaratildi. Shuningdek, ekologik toza qurilish materiallaridan foydalanish, po‘lat konstruksiyalar ishlab chiqarish va EPC shartlari asosida kompleks loyihalarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.
Bundan tashqari, tomonlar qurilish va kommunal infratuzilma sohalarida EPC+F shartlari hamda davlat-xususiy sheriklik asosida loyihalarni amalga oshirish istiqbollarini ko‘rib chiqdi.
Issiqlik taʼminotini modernizatsiya qilish
Muzokaralarning alohida yo‘nalishi O‘zbekistonda issiqlik taʼminoti tizimlarini modernizatsiya qilish bo‘ldi. Tomonlar kogeneratsiya stansiyalari va zamonaviy issiqlik markazlarini qurish, shuningdek, geotermal issiqlik nasoslari texnologiyalarini joriy etish masalalarini muhokama qildi.
Muhokamalar yakunida issiqlik taʼminoti sohasidagi istiqbolli loyihalar haqida maʼlumot almashish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Xitoy kompaniyalari taklif etilgan loyihalarni o‘rganib, ularni moliyalashtirish va hamkorlik qilishning ehtimoliy shartlari bo‘yicha takliflar tayyorlaydi.
Yig‘ma qurilish standartlari
Uchrashuv ishtirokchilari yig‘ma qurilish sohasida qo‘llaniladigan Xitoy standartlari va texnik talablarni o‘rganish masalalarini ham ko‘rib chiqdi.
Tomonlar qurilish jarayonlari samaradorligini oshirish va ularning atrof-muhitga taʼsirini kamaytirish uchun ilg‘or texnologiyalarni joriy etish muhimligini taʼkidladi.
Keyingi hamkorlik
Uchrashuv yakuniga ko‘ra, tomonlar ishchi tartibda muzokaralarni davom ettirish hamda loyiha va texnik hujjatlar bilan almashishga kelishib oldi.
Shuningdek, qurilish, uy-joy kommunal infratuzilmasi va issiqlik taʼminoti sohalarida aniq loyihalarni amalga oshirish uchun samarali hamkorlik mexanizmlarini ishlab chiqish rejalashtirilmoqda.