O‘zbekiston Iqtisod Moliya Texnologiyalar Madaniyat Sport Turizm Dunyo Media OutReach Newswire
O'z Ўз Ру En
O‘zbekiston

Mirziyoyev SHHT temir yo‘l kengashini tuzishni taklif qildi

Dilafro'z Niyazova · 01.09.2026 · 19:45 · 52 views
Mirziyoyev SHHT temir yo‘l kengashini tuzishni taklif qildi
Mirziyoyev SHHT temir yo‘l kengashini tuzishni taklif qildi / Foto: O'zbekiston Prezidenti matbuot xizmati.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev “BMT adolatli dunyo tartibotining asosiy boʻgʻini sifatida: “ShHT plyus” davlatlarining koʻp qutbli dunyoni shakllantirishga qoʻshayotgan hissasi” mavzusidagi “ShHT plyus” formatidagi uchrashuvda ishtirok etdi.

Tadbirda tashkilotga aʼzo davlatlar delegatsiyalari va uning doimiy faoliyat yurituvchi organlari rahbarlari bilan bir qatorda, kuzatuvchi va hamkor mamlakatlar yetakchilari, faxriy mehmonlar, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Antoniu Guterrish va boshqa xalqaro tuzilmalarning yuqori lavozimli mansabdorlari ham qatnashdi.

Oʻzbekiston yetakchisi oʻz nutqida dunyoda roʻy berayotgan oʻzgarishlar sharoitida BMT va mintaqaviy tuzilmalarning roliga toʻxtalib oʻtdi.

– Davlatlar va mintaqaviy birlashmalar global institutlarga ularning universal vazifasini yanada samarali amalga oshirishda qanday koʻmak berishi mumkinligini belgilab olish muhimdir, – dedi mamlakatimiz yetakchisi.

Ushbu yondashuvga koʻra, BMT oʻzining markaziy, muvofiqlashtiruvchi rolini0 saqlab qolishi, mintaqaviy tuzilmalar esa avvalo mahalliy sharoitlar, ehtiyojlar va imkoniyatlarga tayangan holda umumiy tamoyillar va qarorlarning amalga oshirilishiga koʻmaklashish orqali uning saʼy-harakatlarini toʻldirishi lozim.

Bunday mantiqdan kelib chiqilganda, “ShHT plyus” formati davlatlar, mintaqalar va tashkilotlarni umumiy kun tartibi atrofida birlashtira olishi, bu yerda turli tashabbuslarni oʻzaro uygʻunlashtirish va global boshqaruv arxitekturasini shakllantirish boʻyicha muloqot olib borish mumkinligi tufayli alohida chuqur mazmun kasb etadi.

Taʼkidlanganidek, Oʻzbekiston Yevroosiyo makonida ochiq va oʻzaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirish tarafdori.

– Biz uchun oʻzaro bogʻliqlik – strategik mustaqillik va barqarorlik masalasidir. Biz shunday koʻp qutblilik tarafdorimizki, u yangi ajratuvchi chiziqlarni yaratmaydi, balki imkoniyatlar makonini kengaytiradi, mintaqaviy loyiha va tashabbuslar oʻzaro raqobatlashmaydi, balki bir-birini samarali toʻldiradi, – dedi mamlakatimiz yetakchisi.

Uchrashuv kun tartibidan kelib chiqib, qator istiqbolli takliflar ilgari surildi.

Avvalo, “ShHT plyus” formatini barqaror oʻsish, yuqori texnologiyalarni joriy etish, iqlimga moslashish, inson kapitalini rivojlantirish, hammabop taʼlim va yoshlarni qoʻllab-quvvatlash masalalari boʻyicha mintaqalararo muloqot maydoni sifatida rivojlantirish taklif etildi.

Tajriba almashish, yondashuvlarni muvofiqlashtirish va BMT doirasida yechimlarni birgalikda ilgari surish maqsadida “ShHT plyus” formati mintaqaviy tashkilotlarning Hamkorlik tarmogʻini yaratish uchun platforma boʻlib xizmat qilishi mumkin.

Ustuvor vazifalardan biri esa BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda mintaqaviy tashkilotlar salohiyatidan yanada faol foydalanish sanaladi.

Tajriba almashish mexanizmi sifatida tabiatdan foydalanish, “yashil” energetika, raqamli xizmatlar hamda sogʻliqni saqlash sohalarida mintaqalararo loyihalar va texnologiyalarning Ochiq bankini shakllantirish taklif etildi.

Keng koʻlamli iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratildi.

– Biznes barcha joyda bozorlarga kirish tartib-taomillarining soddalashtirilishi, transchegaraviy yoʻlaklarning ishga tushirilishi va toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiyalar oqimi koʻrinishida amaliy natijalarni his qilishi lozim, – dedi Prezidentimiz.

Samaradorlikning ana shunday aniq koʻrsatkichlariga erishish maqsadida “ShHT Invest” forumiga doimiy faoliyat yurituvchi platforma tusini berish tashabbusi ilgari surildi.

Siyosiy tizimlari, madaniy anʼanalari va xalqaro jarayonlarga qarashlari turlicha boʻlgan davlatlarning hamkorlik borasida toʻplangan noyob tajribasini yanada rivojlantirish maqsadida “ShHT plyus” madaniyatlar va sivilizatsiyalar doimiy forumini taʼsis etish hamda ushbu tadbirni ilm-fan va maʼrifatning qadimiy markazi boʻlgan Xiva shahrida oʻtkazish taklif etildi.

Davlatimiz rahbari soʻzining yakunida “ShHT plyus” formati zamon taqozo etayotgan muloqot maydoni ekanini, mamlakatlar va mintaqalar oʻrtasidagi mushtaraklik nuqtalari qanchalik koʻp boʻlsa, barqarorlik hamda oʻzaro ishonch uchun asos shunchalik mustahkam boʻlishini taʼkidladi.