7
O‘zbekiston

O‘zbekiston va Tailand pensiya tizimlarini rivojlantirishni muhokama qildi

O‘zbekiston va Tailand pensiya tizimlarini rivojlantirishni muhokama qildi
O‘zbekiston va Tailand pensiya tizimlarini rivojlantirishni muhokama qildi / Foto: O‘zbekiston Pensiya jamg‘armasi matbuot xizmati.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston va Tailand pensiya taʼminoti sohasidagi hamkorlikni kengaytirishni rejalashtirmoqda. Bunda jamg‘arib boriladigan pensiya tizimlarini boshqarish, aktivlarni investitsiya qilish va mutaxassislar tayyorlash masalalariga eʼtibor qaratiladi.

Ushbu masalalar ikki mamlakat vakillari tomonidan Xalqaro valyuta jamg‘armasi va Jahon bankining yillik yig‘ilishlari doirasida o‘tkazilgan uchrashuvda ko‘rib chiqildi.

Muzokaralarda O‘zbekiston Pensiya jamg‘armasi ijrochi direktorining o‘rinbosari N. Shadixo‘jayev, Tailand Davlat pensiya jamg‘armasi (GPF) strategiya bo‘yicha boshqaruvchi o‘rinbosari Man Juttijudata hamda investitsiyalar bo‘yicha boshqaruvchi o‘rinbosari Prechada Pansing ishtirok etdi.

Tomonlar ikki mamlakat pensiya tizimlarining joriy holati, jamg‘arib boriladigan pensiya taʼminotini rivojlantirish yondashuvlari va tegishli mexanizmlarni boshqarish bo‘yicha fikr almashdi. Pensiya aktivlarini investitsiya qilish hamda bu bilan bog‘liq xatarlarni boshqarish masalalariga ham alohida eʼtibor qaratildi.

Uchrashuv yakunida ishtirokchilar amaliy tajriba almashishni davom ettirish va jamg‘arib boriladigan pensiya tizimlarini boshqarish bo‘yicha kadrlar tayyorlash sohasidagi hamkorlikni rivojlantirishga kelishib oldi.

 

Dilafro'z Niyazova
Dilafro'z Niyazova

Dilafruz Niyazova 2025-yildan buyon UzDaily jamoasida faoliyat yuritib, nashrning o'zbek tilidagi versiyasi uchun mas'uldir.