Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Jizzax viloyati Mirzacho‘l tumani jinoyat ishlari bo‘yicha sudi 5 oktyabr kuni YouTube‘dagi Sirojiddin Media kanali muallifi Sirojiddin Adilovni to‘rt yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish to‘g‘risida hukm chiqardi. Bu haqda Jizzax viloyati sudlari matbuot xizmati xabar berdi.
Sud Adilovni O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 165-moddasi 1-qismi (tovlamachilik) bilan bir nafar fuqaroga nisbatan, shuningdek, Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi “b” va “v” bandlari (takroran, axborot tizimidan, jumladan, axborot texnologiyalaridan foydalangan holda sodir etilgan firibgarlik) bilan ikki nafar fuqaroga nisbatan aybdor deb topdi.
Sud muhokamasi materiallariga ko‘ra, Adilov tovlamachilik yo‘li bilan D. Shamsiyevdan 12 mln so‘m olgan. Bundan tashqari, u firibgarlik yo‘li bilan G. Jumaniyozovadan 30 mln so‘m va R. Xudoynazarovadan 33 mln so‘mni qo‘lga kiritgan.
Fuqarolarga yetkazilgan zararning umumiy miqdori 75 mln so‘mni tashkil etgan. Ishni ko‘rib chiqish jarayonida zarar Adilov tomonidan to‘liq qoplangan.
Sud blogerga to‘rt yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinladi.
Jizzax viloyati sudlari matbuot xizmati jinoyat ishi Adilovning ijtimoiy tarmoqlardagi faoliyati bilan bog‘liq bo‘lmaganini alohida taʼkidladi. Ish doirasida unga fuqarolarning mol-mulkini firibgarlik va tovlamachilik yo‘li bilan qo‘lga kiritish aybi qo‘yilgan.
Sirojiddin Adilov 2026 yil mart oyida firibgarlikda gumonlanib ushlangan. O‘sha vaqtda Samarqand viloyati IIB u moliyaviy nizoni hal etishda yordam berishni vaʼda qilib, pul olgani, biroq zimmasiga olgan majburiyatlarini bajarmaganini maʼlum qilgan.
Huquq himoyachisi Abdurahmon Tashanov avvalroq blogerga nisbatan jinoyat ishini tergov qilish jarayonida protsessual qonunbuzilishlarga yo‘l qo‘yilgani haqida bayonot bergan edi.