7
O‘zbekiston

O‘zbekiston BRIDGE xalqaro iqlim tashabbusining ilk guruhiga kirdi

O‘zbekiston BRIDGE xalqaro iqlim tashabbusining ilk guruhiga kirdi
O‘zbekiston BRIDGE xalqaro iqlim tashabbusining ilk guruhiga kirdi / Foto: BRIDGE.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston iqlim loyihalarini tayyorlash va xalqaro moliyalashtirishni jalb etishga qaratilgan Climate Implementation Bridge (BRIDGE) xalqaro tashabbusida ishtirok etayotgan beshta mamlakatdan iborat dastlabki guruhga kirdi.

Bu haqda 2026 yil 24 sentyabr kuni Nyu-Yorkda Iqlim haftaligi doirasida eʼlon qilindi. Tashabbus Birlashgan Millatlar Tashkilotining Taraqqiyot dasturi (BMTTD) ishtirokida COP31 raisligi homiyligida amalga oshirilmoqda.

O‘zbekistondan tashqari, Efiopiya, Fiji, Indoneziya va Pokiston ham dastlabki guruhdan joy oldi. BRIDGE tashabbusidan ko‘zlangan maqsad mamlakatlarga iqlimga oid rejalardan amaliy chora-tadbirlar va investitsiya loyihalarini amalga oshirishga o‘tishda yordam berishdan iborat.

Tashabbus ustuvor yo‘nalishlarni belgilash, loyihalarni tayyorlash va xalqaro mablag‘larni jalb qilish imkoniyatlarini izlash bo‘yicha ekspertlar ko‘magini nazarda tutadi. Birinchi bosqichda xalqaro ekspertlar milliy mutaxassislar bilan birgalikda O‘zbekistonning amaldagi iqlim dasturlarini tahlil qiladi hamda amalga oshirish va investitsiya jalb etish uchun eng istiqbolli yo‘nalishlarni belgilaydi.

Tahlil natijalari asosida milliy iqlim ustuvorliklarini aniq loyihalar va xalqaro ko‘mak imkoniyatlari bilan bog‘laydigan yo‘l xaritasini ishlab chiqish rejalashtirilgan.

O‘zbekistonning mazkur tashabbusdagi ishtiroki mamlakatning yangilangan milliy iqlim maqsadlarini amalga oshirish bilan bog‘liq.

Milliy darajada belgilanadigan hissaning (MDBH) uchinchi tahriri — ONUV 3.0 hujjatiga muvofiq, mamlakat 2035 yilga qadar yalpi ichki mahsulot birligiga to‘g‘ri keladigan issiqxona gazlari chiqindilarini 2010 yil darajasiga nisbatan 50 foizga qisqartirishni maqsad qilgan.

BRIDGE doirasida qayta tiklanuvchi energetika, energiya samaradorligini oshirish, suv resurslaridan oqilona foydalanish, barqaror qishloq xo‘jaligi, chiqindilarni boshqarishni takomillashtirish va iqlim o‘zgarishiga moslashish masalalariga alohida eʼtibor qaratish rejalashtirilgan.

2026 yil 8 oktyabr kuni Milliy iqlim o‘zgarishi markazi Turkiya tomoni vakillari bilan onlayn uchrashuv o‘tkazdi. Uchrashuv ishtirokchilari O‘zbekistonning tashabbusdagi ishtirokini kengaytirish bo‘yicha keyingi qadamlarni muhokama qildi.

BRIDGE tashabbusi, shuningdek, O‘zbekistonning xalqaro hamkorlar bilan aloqalarini kengaytirish, investitsiyalar jalb qilish va barqaror, kam uglerodli iqtisodiyotga o‘tishni jadallashtirish imkoniyati sifatida ham qaralmoqda.

Tashabbus 2026 yil noyabr oyida Turkiyaning Antaliya shahrida o‘tkazilishi rejalashtirilgan BMTning Iqlim o‘zgarishi bo‘yicha 31-konferensiyasi (COP31) arafasida amalga oshirilmoqda.

 

Dilafro'z Niyazova
Dilafro'z Niyazova

Dilafruz Niyazova 2025-yildan buyon UzDaily jamoasida faoliyat yuritib, nashrning o'zbek tilidagi versiyasi uchun mas'uldir.