Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Adliya vazirligida 5 oktyabr kuni «O‘zbekistonda intellektual mulk sohasida davlat boshqaruvi tizimini takomillashtirish» loyihasi doirasida ikkinchi tadqiqot va maslahat missiyasi boshlanishi munosabati bilan tashkiliy uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Korey Intellektual mulk instituti (KIPI) missiyasi 5–9 oktyabr kunlari Toshkentda o‘tkazilmoqda. Unda KIPI vakillari va ekspertlari, shuningdek, Adliya vazirligining tegishli bo‘linmalari rahbarlari va masʼul xodimlari ishtirok etmoqda.
Uchrashuvda tomonlar loyihaning navbatdagi bosqichidagi asosiy ish yo‘nalishlarini belgilab oldilar, tadbirlarni amalga oshirish jadvali, vazifalar va masʼuliyatlarni taqsimlash, shuningdek, zarur maʼlumotlar va materiallarni tayyorlash masalalarini muhokama qildilar.
Missiyaning asosiy vazifasi intellektual mulk sohasidagi hujjatlarni raqamlashtirish, mavjud maʼlumotlarni tozalash va migratsiya qilish, shuningdek, IP Adliya axborot tizimini yana-da takomillashtirish bo‘yicha amaliy rejalarni ishlab chiqish va kelishishdan iborat.
Ishning birinchi kuni ishtirokchilar intellektual mulk obyektlari bilan bog‘liq arxiv hujjatlarini raqamlashtirish, ularni saqlash va qayta ishlash masalalarini ko‘rib chiqdilar.
Turli axborot tizimlaridagi maʼlumotlarni solishtirish, xatolarni aniqlash, shuningdek, axborotlarni tozalash va migratsiya qilish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.
Missiya davomida tomonlar hujjatlarni raqamlashtirish standartlari va ish jarayonlarini, maʼlumotlar sifatini oshirish mezonlarini hamda ularni IP Adliya tizimiga ko‘chirish mexanizmlarini batafsil ko‘rib chiqishni rejalashtirmoqda.
Koreya tomoni bilan hamkorlik intellektual mulk sohasida davlat boshqaruvi samaradorligini oshirish, raqamli xizmatlar sifatini yaxshilash, shuningdek, maʼlumotlarning aniqligi va ishonchliligini taʼminlashga qaratilgan.