Shoshilinch
O‘zbekiston

O‘zbekistonda iqlimga xizmat ko‘rsatish milliy asosi joriy etilmoqda

O‘zbekistonda iqlimga xizmat ko‘rsatish milliy asosi joriy etilmoqda
O‘zbekistonda iqlimga xizmat ko‘rsatish milliy asosi joriy etilmoqda / Foto: UzDaily.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekistonda BMT Taraqqiyot dasturi (BMTTD) va Yashil iqlim jamg‘armasi ko‘magida Iqlimga xizmat ko‘rsatish milliy asosi (IHKMA) bosqichma-bosqich joriy etilmoqda.

IHKMAni joriy etish bo‘yicha Harakatlar rejasi hamda O‘zgidrometning iqlimga xizmat ko‘rsatish biznes-modeli ishlab chiqildi. Ular iqlim xizmatlaridan foydalanuvchilar bilan allaqachon muhokama qilingan. Bu haqda O‘zbekistondagi BMT Taraqqiyot dasturi xabar berdi.

BMTTD blogiga ko‘ra, O‘zgidrometning gidrometeorologik taʼminot bo‘limi boshlig‘i Husan Tursunov va BMTTDning erta ogohlantirish tizimlarini modernizatsiya qilish loyihasi iqlim xavflari bo‘yicha eksperti Aleksandr Merkushkinning taʼkidlashicha, keyingi bosqich Harakatlar rejasini qabul qilish va uni amalga oshirishdan iborat bo‘ladi.

Reja to‘rt yilgacha bo‘lgan muddatga mo‘ljallangan.

Mualliflarning qayd etishicha, gidrometeorologik maʼlumotlarga nafaqat soha mutaxassislari, balki davlat idoralari, sug‘urta kompaniyalari, xususiy sektor va aholi ham tobora ko‘proq ehtiyoj sezmoqda. Ular buni tasdiqlash uchun O‘zgidrometga kelib tushgan so‘rovlar statistikasini keltirgan.

2025 yilda sug‘urta kompaniyalaridan 48 ta, Favqulodda vaziyatlar vazirligidan 19 ta, Ichki ishlar vazirligidan 12 ta va boshqa tashkilotlardan 132 ta so‘rov kelib tushgan.

2026 yilning birinchi yarmida sug‘urta kompaniyalari 68 ta so‘rov yuborgan. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning butun davridagi natijadan ham yuqori. Favqulodda vaziyatlar vazirligidan 4 ta, boshqa tashkilotlardan esa 74 ta so‘rov kelib tushgan.

Iqlimga xizmat ko‘rsatish milliy asosi — Jahon meteorologiya tashkilotining milliy iqlim xizmatlari tizimlarini rivojlantirishga qaratilgan tashabbusidir.

 

Dilafro'z Niyazova
Dilafro'z Niyazova

Dilafruz Niyazova 2025-yildan buyon UzDaily jamoasida faoliyat yuritib, nashrning o'zbek tilidagi versiyasi uchun mas'uldir.