Shoshilinch
Texnologiyalar

First Global Challenge g‘oliblari “Inno”da taqdirlandi

First Global Challenge g‘oliblari “Inno”da taqdirlandi
First Global Challenge g‘oliblari “Inno”da taqdirlandi / Foto: O‘zbekiston Raqamli texnologiyalar vazirligi.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — 13 oktyabr kuni “Inno” innovatsion o‘quv-ishlab chiqarish texnoparkida First Global Challenge — 2026 xalqaro robototexnika musobaqasi g‘oliblari va ularning murabbiylarini taqdirlashga bag‘ishlangan tantanali marosim bo‘lib o‘tdi.

Shu kuni O‘zbekiston Prezidenti «Robototexnika bo‘yicha xalqaro musobaqa g‘oliblari va ularning murabbiylarini mukofotlash to‘g‘risida»gi farmonni imzoladi. Bu haqda Raqamli texnologiyalar vazirligi xabar berdi.

G‘oliblar va murabbiylarga mukofotlarni Bosh vazirning birinchi o‘rinbosari — oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri Erkinjon Turdimov, raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov hamda Yoshlar ishlari agentligi direktori Alisher Sadullayev topshirdi.

Marosimda so‘zga chiqqan Erkinjon Turdimov yoshlarning ilm-fan va texnologiyalar sohasidagi yutuqlari mamlakat kelajagi uchun muhim ahamiyatga ega ekanini taʼkidladi.

«Bu eʼtirof mamlakatimizda bilim olishga intiladigan va yangi narsalarni yaratishga qodir har bir yoshga bildirilgan katta ishonchdir. Siz yaratadigan texnologiyalar ishlab chiqarishni rivojlantirish, suv va energiyani tejash, odamlar hayotini yengillashtirishga xizmat qilishiga ishonaman», — dedi u.

Mukofotlar O‘zbekiston terma jamoasining Janubiy Koreyaning Inchxon shahrida 7–10 oktyabr kunlari o‘tkazilgan musobaqadagi ishtiroki uchun topshirildi. Jamoa uchta oltin medalni qo‘lga kiritdi, 16 ta o‘yinning barchasida g‘alaba qozondi va 637 ball to‘plab, musobaqa rekordini o‘rnatdi.

Musobaqada qariyb 190 ta mamlakatdan kelgan yoshlar jamoalari ishtirok etdi.

O‘zbekiston terma jamoasi oltin medallardan birini birinchi alyans tarkibida qo‘lga kiritdi. Ushbu alyansga O‘zbekiston, Venesuela, Salvador va Moldova jamoalari kirgan. Alyans finalda g‘alaba qozonib, Winning Alliance maqomiga ega bo‘ldi.

Jamoa yana bir oltin medalni musobaqadagi eng yuqori natija uchun qo‘lga kiritdi. Buning uchun u FIRST Global Grand Challenge Award bosh mukofoti bilan taqdirlandi.

First Global — yoshlar o‘rtasida STEM yo‘nalishlarini, yaʼni fan, texnologiya, muhandislik va matematikani ommalashtirishga qaratilgan xalqaro tashabbus.

Tashkilot amerikalik ixtirochi, DEKA ilmiy-tadqiqot kompaniyasi prezidenti va Segway qurilmasi muallifi Din Kemen asos solgan FIRST harakati bilan bog‘liq.

2026 yilda ishtirokchilar «Innovatsiyalarni yoqish» shiori ostida bellashdilar.

Ular o‘rmon yong‘inlarining oldini olish, ularning oqibatlarini kamaytirish va zarar ko‘rgan hududlarni tiklash bilan bog‘liq global muammolarga asoslangan robototexnika vazifalarini bajardilar.

 

Dilafro'z Niyazova
Dilafro'z Niyazova

Dilafruz Niyazova 2025-yildan buyon UzDaily jamoasida faoliyat yuritib, nashrning o'zbek tilidagi versiyasi uchun mas'uldir.