Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — 2026 yilning yanvar–avgust oylarida O‘zbekiston metallurgiya sanoatida ishlab chiqarish hajmi 243,6 trillion so‘mni tashkil etdi. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 7,8 foizga ko‘p. Bu haqda Milliy statistika qo‘mitasi maʼlum qildi.
Ishlab chiqarishning asosiy qismi Navoiy viloyati hissasiga to‘g‘ri keldi. Hududda metallurgiya sanoati mahsulotlari hajmi 157,6 trillion so‘mga yetdi.
Ikkinchi o‘rinni 62 trillion so‘mlik ko‘rsatkich bilan Toshkent viloyati egalladi. Toshkent shahrida esa sakkiz oy davomida 14,5 trillion so‘mlik metallurgiya mahsulotlari ishlab chiqarildi.
Samarqand viloyatida sohaning ishlab chiqarish hajmi 6,2 trillion so‘mni tashkil etdi. Namangan viloyatida bu ko‘rsatkich 898,3 milliard so‘mga, Sirdaryo viloyatida esa 875,9 milliard so‘mga yetdi.
Qolgan hududlarda ishlab chiqarish hajmi ancha past bo‘ldi. Jizzax viloyatida 403,8 milliard so‘mlik, Farg‘ona viloyatida 347,3 milliard so‘mlik, Buxoro viloyatida esa 258,8 milliard so‘mlik metallurgiya mahsulotlari ishlab chiqarildi. Surxondaryo viloyatida ushbu ko‘rsatkich 145,8 milliard so‘mni, Qoraqalpog‘iston Respublikasida esa 114,5 milliard so‘mni tashkil etdi.
Keltirilgan hududlar orasida eng past ko‘rsatkichlar Andijon viloyatida 50 milliard so‘m, Xorazm viloyatida 36,2 milliard so‘m va Qashqadaryo viloyatida 23,8 milliard so‘m miqdorida qayd etildi.
Shunday qilib, mamlakat metallurgiya sanoatidagi ishlab chiqarish hajmining asosiy qismi Navoiy va Toshkent viloyatlari hissasiga to‘g‘ri keladi.