Shoshilinch
Iqtisod

Farg‘onada O‘zbekiston–Rossiya ishbilarmonlar kengashining 13-qo‘shma yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi

Farg‘onada O‘zbekiston–Rossiya ishbilarmonlar kengashining 13-qo‘shma yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi
Farg‘onada O‘zbekiston–Rossiya ishbilarmonlar kengashining 13-qo‘shma yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi / Foto: Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi matbuot xizmati.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — 6 oktyabr kuni Farg‘ona shahrida O‘zbekiston–Rossiya va Rossiya–O‘zbekiston ishbilarmonlar kengashining 13-qo‘shma yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Tadbirda ikki mamlakat vazirlik va idoralari, hududiy savdo-sanoat palatalari hamda ishbilarmon doiralar vakillari ishtirok etdi. Bu haqda O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi xabar berdi.

Yig‘ilishni O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi raisining o‘rinbosari Odilxon Rustamov va Rossiya–O‘zbekiston ishbilarmonlar kengashi ijrochi direktori Fyodor Degtyaryov olib bordi.

Tadbir ochilishida Rossiya Federatsiyasi iqtisodiy rivojlanish vaziri o‘rinbosari Vladimir Ilichyov, Rossiya Savdo-sanoat palatasi vitse-prezidenti Vladimir Padalko va Farg‘ona viloyati Investitsiyalar va yengil sanoat boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Jahongir Akramov tabrik nutqi bilan so‘zga chiqdi.

Uchrashuv davomida ikki mamlakat tadbirkorlari to‘qimachilik sanoati, agrosanoat majmuasi, logistika, robotlashtirish va sunʼiy intellekt sohalaridagi loyihalarini taqdim etdi. Ishtirokchilar, shuningdek, qo‘shma ishlab chiqarish korxonalarini tashkil etish hamda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarni Rossiya va Markaziy Osiyo mamlakatlari bozorlariga olib chiqish imkoniyatlarini muhokama qildi.

Muzokaralarning alohida qismi xotin-qizlar tadbirkorligini rivojlantirishga bag‘ishlandi. «Sharq ayoli» xalqaro jamoat fondi va «Biznesdagi ayollar» Umumrossiya jamoat tashkiloti vakillari o‘z tajribalari bilan o‘rtoqlashib, ushbu sohadagi hamkorlik istiqbollarini muhokama qildi.

Yig‘ilish yakunlari bo‘yicha erishilgan kelishuvlar qator hujjatlar bilan mustahkamlandi.

Jumladan, «Kichik va o‘rta tadbirkorlikni rivojlantirish federal korporatsiyasi» AJ, Rossiya-O‘zbekiston Delovoy kengashi va Rossiya–O‘zbekiston ishbilarmonlar kengashi o‘rtasida o‘zaro anglashuv memorandumi imzolandi.

Bundan tashqari, O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasining Farg‘ona hududiy boshqarmasi, Tyumen viloyati Savdo-sanoat palatasi hamda Janubiy Ural Savdo-sanoat palatasi o‘rtasida ham hamkorlik memorandumlari tuzildi.

Erishilgan kelishuvlar ikki mamlakat tadbirkorlari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni kengaytirish, yangi qo‘shma loyihalarni amalga oshirish va savdo-iqtisodiy hamkorlikni yana-da rivojlantirishga qaratilgan.

 

Dilafro'z Niyazova
Dilafro'z Niyazova

Dilafruz Niyazova 2025-yildan buyon UzDaily jamoasida faoliyat yuritib, nashrning o'zbek tilidagi versiyasi uchun mas'uldir.