Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — 2026 yilning yanvar–avgust oylarida O‘zbekiston dunyoning 200 dan ortiq mamlakati bilan savdo aloqalarini amalga oshirdi. Mamlakatning eng yirik savdo hamkorlari Xitoy, Rossiya va Qozog‘iston bo‘ldi. Bu haqda Milliy statistika qo‘mitasi maʼlum qildi.
Xitoy hissasiga O‘zbekiston tashqi savdo aylanmasining 13,2 milliard dollari to‘g‘ri keldi. Ikkinchi o‘rinni 9,2 milliard dollarlik ko‘rsatkich bilan Rossiya egalladi. Uchinchi o‘rindan esa Qozog‘iston joy oldi — ushbu mamlakat bilan savdo hajmi 3,7 milliard dollarni tashkil etdi.
Eng yirik beshta savdo hamkori qatoriga Turkiya va Afg‘oniston ham kirdi. Turkiya bilan tashqi savdo aylanmasi 1,9 milliard dollarga, Afg‘oniston bilan esa 1,4 milliard dollarga yetdi.
O‘zbekistonning eng yirik o‘nta savdo hamkori ro‘yxatidan Janubiy Koreya ham o‘rin oldi. Ushbu mamlakat bilan savdo hajmi 1,3 milliard dollarni tashkil etdi. Fransiya va Birlashgan Arab Amirliklari bilan tashqi savdo aylanmasi esa har biri 1,2 milliard dollarga teng bo‘ldi.
Ro‘yxatdan Xitoyning maxsus maʼmuriy hududi bo‘lgan Gonkong ham joy oldi. U bilan savdo hajmi 980,1 million dollarni tashkil etdi. Qirg‘iz Respublikasi ham eng yirik savdo hamkorlari o‘ntaligiga kirdi — ushbu mamlakat hissasiga 908,4 million dollar to‘g‘ri keldi.
2026 yilning dastlabki sakkiz oyida O‘zbekistonning umumiy tashqi savdo aylanmasi 57,4 milliard dollarni tashkil etdi.