7
O‘zbekiston

O‘zbekistonda tibbiyot va farmatsevtika xodimlari ro‘yxatdan o‘tkaziladi

O‘zbekistonda tibbiyot va farmatsevtika xodimlari ro‘yxatdan o‘tkaziladi
O‘zbekistonda tibbiyot va farmatsevtika xodimlari ro‘yxatdan o‘tkaziladi / Foto: my.gov.uz.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekistonda 2030 yil 1 yanvardan boshlab tibbiyot va farmatsevtika xodimlari o‘z mutaxassisligi bo‘yicha professional faoliyat bilan faqat davlat ro‘yxatidan o‘tgandan keyin shug‘ullanishi mumkin bo‘ladi.

Davlat ro‘yxatidan o‘tkazish besh yil muddatga amal qiladi. Ushbu muddat tugagach, mutaxassislar ro‘yxatdan o‘tish tartibini qaytadan o‘tashlari talab etiladi. Ro‘yxatdan o‘tkazish tartibi Vazirlar Mahkamasining 2026 yil 19 oktyabrdagi 577-son qarori bilan tasdiqlangan. Bu haqda O‘zbekiston Adliya vazirligi xabar berdi.

Hujjat tibbiyot va farmatsevtika sohalari mutaxassislarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish qoidalarini belgilaydi. Unda ariza berish, maxsus imtihonga qo‘yish va tasdiqlovchi hujjatlarni rasmiylashtirish tartibi ham nazarda tutilgan.

Vakolatli organ etib Tibbiyot va farmatsevtika xodimlari malakasini baholash markazi belgilangan.

2030 yil 1 yanvardan boshlab tegishli mutaxassislik bo‘yicha davlat ro‘yxatidan o‘tmagan xodimlar shu yo‘nalishda professional tibbiy yoki farmatsevtik faoliyat bilan shug‘ullana olmaydi.

O‘tish davri 2027 yil 1 iyuldan 2030 yil 1 yanvargacha davom etadi. Bu davrda xodimlar maxsus imtihon natijalari asosida ixtiyoriy ravishda yoki malaka toifasi berilganida avtomatik tarzda davlat ro‘yxatidan o‘tishlari mumkin bo‘ladi.

Ayrim mutaxassislar uchun imtihondan o‘tish bo‘yicha istisno nazarda tutilgan. Mutaxassisligi bo‘yicha kamida 20 yillik ish staji va ilmiy darajasiga ega xodimlar maxsus imtihonsiz davlat ro‘yxatidan o‘tishlari mumkin.

Biroq bu qoida davlat ro‘yxatidan o‘tish uchun murojaat qilgan paytda o‘z mutaxassisligi bo‘yicha uch yil va undan ortiq vaqt davomida uzluksiz professional faoliyat yuritmagan shaxslarga nisbatan tatbiq etilmaydi.

Ro‘yxatdan o‘tish uchun arizalarni Davlat xizmatlari markazlari, Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali yoki Tibbiy malaka platformasi orqali topshirish mumkin bo‘ladi. Elektron ariza berish xizmati dam olish va bayram kunlarini ham qo‘shgan holda sutka davomida ishlaydi.

Vakolatli organ ariza beruvchining anketasini besh ish kuni ichida ko‘rib chiqadi. Tekshiruv natijalariga ko‘ra, mutaxassisni maxsus imtihonga qo‘yish yoki qo‘ymaslik to‘g‘risida qaror qabul qilinadi.

Davlat ro‘yxatidan o‘tganlik to‘g‘risidagi guvohnoma elektron shaklda rasmiylashtiriladi. Hujjatning haqiqiyligini tibbiyot va farmatsevtika sohasi mutaxassislarining yagona elektron reyestri orqali tekshirish mumkin bo‘ladi. Guvohnomaning qog‘ozdagi asl nusxasi yoki dublikati berilmaydi.

Professional faoliyat bilan shug‘ullanish huquqini saqlab qolish uchun mutaxassislar har besh yilda davlat ro‘yxatidan qayta o‘tishlari kerak bo‘ladi.

Qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran uch oy o‘tgach kuchga kiradi.

 

Dilafro'z Niyazova
Dilafro'z Niyazova

Dilafruz Niyazova 2025-yildan buyon UzDaily jamoasida faoliyat yuritib, nashrning o'zbek tilidagi versiyasi uchun mas'uldir.