Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov va VEON bosh ijrochi direktori Kaan Terzioglu mamlakat telekommunikatsiya infratuzilmasini rivojlantirish istiqbollarini muhokama qildi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirligi xabar berdi.
Uchrashuv Markaziy Osiyo davlatlari va AQSH ishtirokidagi C5+1 sammiti doirasida Samarqand shahrida bo‘lib o‘tdi.
Muzokaralarning asosiy mavzularidan biri mobil aloqa tarmoqlari qamrovini kengaytirish va aholi uchun raqamli xizmatlar sifatini oshirish bo‘ldi. Shuningdek, ishtirokchilar O‘zbekistonda raqamli xizmatlarga bo‘lgan talab ortib borayotganini hisobga olgan holda internetdan foydalanish imkoniyatlarini yana-da kengaytirish masalalarini ko‘rib chiqdi.
Tomonlar VEON guruhining xalqaro tajribasi va uning O‘zbekiston bozoridagi faoliyati yuzasidan fikr almashdi. Zamonaviy texnologik yechimlarni joriy etish hamda telekommunikatsiya infratuzilmasini rivojlantirish istiqbollariga alohida eʼtibor qaratildi.
Uchrashuv yakunida O‘zbekiston va VEON vakillari kelgusidagi hamkorlikning ehtimoliy yo‘nalishlarini ko‘rib chiqib, aloqa va raqamli xizmatlarni rivojlantirish masalalari bo‘yicha muloqotni davom ettirishga kelishib oldi.