Iqtisod

Olmaliq Xitoyda o‘zining investitsiyaviy salohiyatini taqdim etdi

Olmaliq Xitoyda o‘zining investitsiyaviy salohiyatini taqdim etdi
Olmaliq Xitoyda o‘zining investitsiyaviy salohiyatini taqdim etdi / Foto: Toshkent viloyati hokimligi matbuot xizmati.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Olmaliq shahri hokimi Barhayot Meliyev Toshkent viloyati delegatsiyasining Xitoyga amaliy tashrifi doirasida Yuyxan shahri meri o‘rinbosari Xun Szyanlyan va xitoylik tadbirkorlar bilan uchrashdi. Tomonlar investitsiyalarni jalb qilish, ishlab chiqarish loyihalarini amalga oshirish va mintaqalararo hamkorlikni rivojlantirish masalalarini muhokama qildi. Bu haqda Toshkent viloyati hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.

Uchrashuvda Olmaliqning investitsiyaviy salohiyati, investorlar uchun yaratilgan sharoitlar va mavjud imkoniyatlar haqida maʼlumot taqdim etildi. Yangi investitsiyalarni jalb qilish, ishlab chiqarish korxonalarini ishga tushirish va yangi ish o‘rinlari yaratish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.

Muzokaralar yakunlari bo‘yicha STRATEGY HG NAVI CAPITAL PTE.LTD. kompaniyasi bilan Olmaliqda qiymati 34,5 million dollarlik loyihani amalga oshirish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Korxona metall, shisha, muhandislik plastmassalari va sanitariya-texnika mahsulotlarini ishlab chiqarishga ixtisoslashadi.

Bundan tashqari, 2 million dollar investitsiya jalb etgan holda plastmassadan maishiy buyumlar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish va yangi ish o‘rinlari yaratish rejalari belgilandi.

Uchrashuv davomida Olmaliq va Yuyxan shaharlari o‘rtasida birodar shaharlar aloqalarini o‘rnatish bo‘yicha ham kelishuvga erishildi. Tomonlar investitsiyaviy, savdo-iqtisodiy va boshqa sohalardagi hamkorlikni kengaytirishga kelishib oldi.

 

Dilafro'z Niyazova
Dilafro'z Niyazova

Dilafruz Niyazova 2025-yildan buyon UzDaily jamoasida faoliyat yuritib, nashrning o'zbek tilidagi versiyasi uchun mas'uldir.