Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Parijda bo‘lib o‘tayotgan IFTM Top Resa 2026 xalqaro turistik ko‘rgazmasini faxriy mehmon maqomiga ega mamlakat sifatida ochdi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Turizm qo‘mitasi matbuot xizmati xabar berdi.
Milliy delegatsiyaga Prezident Administratsiyasining kreativ iqtisodiyot va turizm departamenti rahbari, O‘zbekiston Madaniyat va sanʼatni rivojlantirish jamg‘armasi raisi Gayane Umerova boshchilik qildi.
Ko‘rgazma uchun yangi milliy stend ishlab chiqildi. Unda anʼanaviy o‘ymakorlik va dekorativ elementlar tabiiy yog‘ochdan tayyorlangan zamonaviy funksional dizayn bilan uyg‘unlashtirilgan.
Konsepsiya mamlakatni nafaqat turistik yo‘nalish sifatida, balki xalqaro hamkorlik uchun madaniy o‘ziga xoslikka ega hamkor sifatida pozitsiyalashga yangilangan yondashuvni aks ettiradi.
Kelgusida mazkur dizayn boshqa xalqaro ko‘rgazmalarda ham qo‘llaniladi.
Stendda turoperatorlar, aviakompaniyalar va mehmonxona tarmoqlari vakillari bilan ishbilarmonlik uchrashuvlari o‘tkazilmoqda. «Madaniyat va turizm yagona ekotizimning bir qismidir: ular mahalliy o‘ziga xoslikni saqlash, hududlarni rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash va xalqaro hamkorlik uchun yangi imkoniyatlar yaratishga xizmat qiladi», — dedi Umerova.
Fransiyalik sayyohlarning O‘zbekistonga qiziqishi ortib bormoqda. 2025 yilda mamlakatga Fransiyadan qariyb 29,6 ming kishi tashrif buyurgan bo‘lsa, 2026 yilning dastlabki besh oyida bu ko‘rsatkich qariyb 15 ming nafarni tashkil etdi. Bu o‘tgan yilning shu davridagi ko‘rsatkichdan 1,3 baravar yuqori.
IFTM Top Resa ko‘rgazmasi Yevropadagi turizm sanoatining eng yirik B2B maydonchalaridan biri hisoblanadi. 2026 yilda tashkilotchilar qariyb 34 ming nafar tashrif buyuruvchini kutib olmoqda. Tadbir 15–17 sentyabr kunlari bo‘lib o‘tmoqda.