Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Namangan viloyatida ijtimoiy tarmoqlarda birinchi sinf o‘quvchisini o‘qituvchi urgani aks etgan video tarqalganidan so‘ng xizmat tekshiruvini o‘tkazish uchun ishchi guruh tuzildi.
Bu haqda Namangan viloyati Maktabgacha va maktab taʼlimi boshqarmasi matbuot xizmati xabar berdi.
Hodisa 16 sentyabr kuni soat taxminan 10:30 da Qosonsoy tumanidagi 39-maktabda uchinchi dars vaqtida sodir bo‘lgan. Dastlabki maʼlumotlarga ko‘ra, boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi 1-“B” sinf o‘quvchisi berilgan matnni o‘qiy olmagani uchun unga nisbatan jismoniy taʼsir chorasini qo‘llagan.
Hozirda xizmat tekshiruvi davom etmoqda. Tekshiruv doirasida sodir bo‘lgan holatga huquqiy baho berish, shuningdek, masʼul mansabdor shaxslarning harakatlarini baholash rejalashtirilgan.
Tekshiruv natijalariga ko‘ra, maktab rahbariyati va o‘qituvchiga nisbatan qonunchilikda belgilangan tartibda choralar ko‘riladi.
Boshqarma taʼlim muassasalari o‘quvchilarining huquq va qonuniy manfaatlarini taʼminlash, ularning shaʼni va qadr-qimmatini hurmat qilish, shuningdek, zo‘ravonlikning har qanday ko‘rinishlariga yo‘l qo‘ymaslik zarurligini alohida taʼkidladi.