Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Oliy Majlis Senati Raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev O‘zbekistondagi diplomatik missiyasini yakunlayotgan Buyuk Britaniyaning O‘zbekistondagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Timoti Smart bilan uchrashdi.
Uchrashuvda O‘zbekiston va Buyuk Britaniya o‘rtasidagi keng qamrovli sheriklik munosabatlarining bugungi holati va rivojlanish istiqbollari muhokama qilindi. Tomonlar parlamentlararo va siyosiy muloqot, shuningdek, savdo-iqtisodiy, investitsiya va taʼlim sohalaridagi hamkorlik sezilarli darajada faollashganini qayd etdi.
2024 yilda qabul qilingan Keng qamrovli sheriklik to‘g‘risidagi deklaratsiya hamda 2026 yil fevral oyida imzolangan Qo‘shma deklaratsiya ikki tomonlama munosabatlarni strategik sheriklik darajasiga olib chiqish uchun asos bo‘lib xizmat qilayotgani alohida taʼkidlandi.
Amaliy hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari sifatida infratuzilma, “yashil” energetika, muhim strategik minerallar va qishloq xo‘jaligi belgilandi.
Suhbatda taʼlim masalasiga ham alohida o‘rin ajratildi. Tomonlar qo‘shma dasturlarni kengaytirish, O‘zbekistonda Buyuk Britaniyaning yetakchi universitetlari filiallarini ochish, pedagog kadrlarni tayyorlash va ingliz tilini o‘qitish sifatini oshirish masalalarini muhokama qildi.
Uchrashuv yakunida tomonlar parlamentlararo muloqotni yana-da faollashtirish va erishilgan kelishuvlarni amalda tatbiq etishga tayyor ekanini tasdiqladi.