Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Xorazm viloyatida Voltalia kompaniyasining quvvati 126 MVt bo‘lgan “Sarimay” quyosh elektr stansiyasi ishga tushirildi. Stansiya 60 mingdan ortiq aholini elektr energiyasi bilan taʼminlaydi. Bu haqda Fransiyaning O‘zbekistondagi elchixonasi xabar berdi.
Elektr stansiyasining ochilishi energetika sohasidagi Fransiya–O‘zbekiston hamkorligining muhim loyihalaridan biri bo‘ldi. Obyektni amalga oshirish Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YETTB) tomonidan qo‘llab-quvvatlandi.
Fransiya elchixonasi loyihaning ishlab chiqilishi va foydalanishga topshirilishi qisqa muddatlarda amalga oshirilganini, shuningdek, uning ekologik va ijtimoiy jihatlariga alohida eʼtibor qaratilganini qayd etdi.
“Sarimay” stansiyasi qayta tiklanuvchi energetika sohasida ixtisoslashgan xalqaro Voltalia kompaniyasining loyihasi hisoblanadi. Obyekt qurilishi 2024 yil may oyida boshlangan.
Fransiya elchixonasi Voltalia jamoasini, shuningdek, kompaniyaning o‘zbek va xalqaro hamkorlarini elektr stansiyasining ishga tushirilishi hamda qo‘shma loyihaning amalga oshirilgani bilan tabrikladi.