Iqtisod

Toshkent viloyati 15 yillik rivojlanish strategiyasini belgilaydi

Toshkent viloyati 15 yillik rivojlanish strategiyasini belgilaydi
Toshkent viloyati 15 yillik rivojlanish strategiyasini belgilaydi / Foto: Toshkent viloyati hokimligi matbuot xizmati.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Toshkent viloyati Iqtisodiyot va moliya bosh boshqarmasida hududning yaqin 15 yilga mo‘ljallangan rivojlanish strategiyasini ishlab chiqish masalalari muhokama qilindi.

Viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari O. Tursunovning Britaniyaning xalqaro loyiha-konsalting kompaniyasi ARUP vakillari bilan uchrashuvi Jahon banki bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan «O‘rta shaharlarni kompleks rivojlantirish» loyihasi doirasida o‘tkazildi. Bu haqda Toshkent viloyati hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.

Loyiha O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025 yil 8 oktyabrdagi PQ–298-son qaroriga muvofiq amalga oshirilmoqda. Uchrashuv davomida tomonlar viloyatni rivojlantirishning uzoq muddatli istiqbollari, ayrim hududlarning iqtisodiy salohiyati, aholini joylashtirish va urbanizatsiya jarayonlarini ko‘rib chiqdi.

Yer resurslaridan samarali foydalanish, transport va muhandislik infratuzilmasini rivojlantirish, ekologik barqarorlikni taʼminlash hamda yirik investitsiya loyihalarini joylashtirish imkoniyatlariga alohida eʼtibor qaratildi.

Uchrashuv ishtirokchilari Yangiyo‘l va Chirchiq shaharlari, Bekobod va Chinoz tumanlarida shaharsozlikni rejalashtirish masalalarini ham muhokama qildi. Shuningdek, mazkur tumanlarda tanlab olingan 20 ta hudud uchun master-rejalar ishlab chiqishning ustuvor yo‘nalishlari ko‘rib chiqildi.

Muhokamalar doirasida hududlar salohiyatidan yana-da samarali foydalanish, zamonaviy talablarni hisobga olgan holda infratuzilmani rivojlantirish, yangi investitsiya loyihalarini jalb qilish va aholi uchun qulay muhitni shakllantirish bo‘yicha takliflar bildirildi.

Uchrashuv yakunlari bo‘yicha Toshkent viloyatini kelgusi 15 yilda rivojlantirishning strategik yo‘nalishlarini belgilash, ustuvor infratuzilmaviy va investitsiya loyihalarini shakllantirish hamda ularni bosqichma-bosqich amalga oshirish bo‘yicha qo‘shma ishlarni davom ettirishga kelishib olindi.

 

Dilafro'z Niyazova
Dilafro'z Niyazova

Dilafruz Niyazova 2025-yildan buyon UzDaily jamoasida faoliyat yuritib, nashrning o'zbek tilidagi versiyasi uchun mas'uldir.