Iqtisod

Qozog‘iston delegatsiyasi Toshkent viloyati tajribasini o‘rgandi

Qozog‘iston delegatsiyasi Toshkent viloyati tajribasini o‘rgandi
Qozog‘iston delegatsiyasi Toshkent viloyati tajribasini o‘rgandi  / Foto: Toshkent viloyati hokimligi matbuot xizmati.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Qozog‘iston delegatsiyasi tarkibida hududlar rahbarlari va turli sohalar vakillari Toshkent viloyatiga tashrif buyurib, hududda kambag‘allikni qisqartirish, ishbilarmonlik muhitini yaxshilash va «mahalla yettiligi» faoliyatini tashkil etish bo‘yicha tajribani o‘rgandi. Bu haqda Toshkent viloyati hokimligi xabar berdi.

Tashrif doirasida Qozog‘iston vakillari O‘rtachirchiq, Yuqorichirchiq va Qibray tumanlaridagi mahallalarga borib, aholi uchun yangi daromad manbalarini yaratishga qaratilgan loyihalar bilan tanishdi.

O‘rtachirchiq tumanida delegatsiya “Tinchlik” va “Qorasuv” mahallalarida amalga oshirilayotgan savdo va xizmat ko‘rsatish, mebel ishlab chiqarish, shuningdek, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash va qadoqlash sohalaridagi loyihalarni o‘rgandi.

Yuqorichirchiq tumanida Qozog‘iston vakillari YUQORICHIRCHIQ ENERGY SYSTEMS va ROSEN PARK korxonalari faoliyati bilan tanishdi, stol tennisi markaziga tashrif buyurdi hamda 18-sonli maktabda yaratilgan sharoitlarni o‘rgandi.

Qibray tumanida delegatsiya AGRO LIGHT BUSINESS MCHJning agroturizm loyihasiga tashrif buyurib, MIRSOBIR-AGRO NIHOL MCHJ faoliyati bilan tanishdi. Korxonada qulupnay yetishtirish «Bir mahalla — bir mahsulot» tamoyili asosida tashkil etilgan.

Tashrif davomida o‘tkazilgan uchrashuvlarda tomonlar mahallalar salohiyatidan samarali foydalanish, tadbirkorlikni rivojlantirish, yangi ish o‘rinlari va barqaror daromad manbalarini yaratish bo‘yicha tajriba almashdi.

Qozog‘iston vakillari o‘z hududlarida qo‘llanilayotgan ilg‘or yondashuvlar va amaliyotlar haqida ham maʼlumot berib, keyingi hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlarini muhokama qildi.

 

Dilafro'z Niyazova
Dilafro'z Niyazova

Dilafruz Niyazova 2025-yildan buyon UzDaily jamoasida faoliyat yuritib, nashrning o'zbek tilidagi versiyasi uchun mas'uldir.