Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Farg‘ona viloyati va Janubiy Koreya Respublikasining Sonnam maxsus sanoat zonasi hamkorlik to‘g‘risida memorandum imzoladi.
Kelishuvlarga viloyat hokimi Xayrullo Bozorov boshchiligidagi hudud delegatsiyasining Janubiy Koreyaga amaliy tashrifi davomida erishildi.
Hujjat sanoat kooperatsiyasini kengaytirish, zamonaviy texnologiyalarni jalb etish, investitsiya loyihalarini birgalikda amalga oshirish hamda ikki hudud tadbirkorlari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni rivojlantirishni nazarda tutadi.
Bundan tashqari, Farg‘ona viloyati tadbirkorlari Sonnam maxsus sanoat zonasida faoliyat yuritayotgan o‘ndan ortiq korxona bilan hamkorlik to‘g‘risida memorandumlar tuzdi.
Tashrif davomida delegatsiya sanoat zonasida joylashgan kompaniyalarning mahsulotlari va innovatsion ishlanmalari ko‘rgazmasi bilan tanishdi.
Ekspozitsiyada kosmetika, tibbiyot, avtomobilsozlik, sunʼiy intellekt, taʼlim texnologiyalari va logistika sohalaridagi yechimlar namoyish etildi.
Jumladan, “Fireworks” va «Daon Medical» kompaniyalari mos ravishda kosmetika mahsulotlari va zamonaviy tibbiy qurilmalarni taqdim etdi. «AI OnTech» texnologiyalar sohasidagi yechimlarini, “Comfy” poyabzal mahsulotlarini, «BL Tech» esa avtomobil kameralari va texnologik ishlanmalarini namoyish qildi.
Shuningdek, sunʼiy intellekt texnologiyalaridan foydalangan holda til o‘rganish uchun mo‘ljallangan “Romazing” innovatsion platformasi hamda “Azetek” kompaniyasining logistika yechimlari taqdimotlari o‘tkazildi.
Ko‘rgazma doirasida Farg‘ona viloyati tadbirkorlari va Koreya biznesi vakillari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri B2B muzokaralar ham bo‘lib o‘tdi.
Tomonlar ishlab chiqarish kooperatsiyasi, texnologiyalar va tajriba almashish, mahsulotlarni ikki mamlakat bozorlariga olib chiqish hamda yangi investitsiya loyihalarini ishga tushirish masalalarini muhokama qildi.
Uchrashuvlar yakunlari bo‘yicha qator koreyalik kompaniyalar bilan Farg‘ona viloyatida turli yo‘nalishlarda qo‘shma loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.