Iqtisod

Suriyalik tadbirkorlar TEXNOPARK salohiyatini o‘rgandi

Suriyalik tadbirkorlar TEXNOPARK salohiyatini o‘rgandi
Suriyalik tadbirkorlar TEXNOPARK salohiyatini o‘rgandi / Foto: O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Suriya iqtisodiyot va sanoat vaziri o‘rinbosari Muhammad Yassin Huriya boshchiligidagi suriyalik ishbilarmonlar delegatsiyasi savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlik istiqbollarini muhokama qilish uchun O‘zbekistonga tashrif buyurdi.

Tashrif doirasida tadbirkorlar “TEXNOPARK” MCHJ faoliyati bilan tanishdi hamda O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasida uchrashuv o‘tkazdi. Bu haqda O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi xabar berdi.

TEXNOPARKda Suriya delegatsiyasiga korxonaning ishlab chiqarish quvvatlari, amalga oshirilgan investitsiyaviy loyihalar, mahsulot turlari va eksport salohiyati haqida maʼlumot berildi.

Korxona 103,3 gektar maydonni egallaydi. Uning hududida umumiy qiymati 465 million dollar bo‘lgan 17 ta loyiha amalga oshirilgan. 6 500 ta ish o‘rni yaratilgan bo‘lib, elektrotexnika va boshqa sanoat mahsulotlarining 100 dan ortiq turini ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgan.

Suriyalik tadbirkorlar ishlab chiqarish jarayonlari, zamonaviy texnologiyalar va ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar bilan ham tanishdi.

Tomonlar elektrotexnika sanoatida savdo va investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish, mahsulotlarni yangi bozorlarga olib chiqish hamda qo‘shma loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlarini muhokama qildi.

O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasida Suriya delegatsiyasining davlat organlari va biznes vakillari bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Ishtirokchilar ikki davlat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalarni yana-da rivojlantirish masalalarini muhokama qildi.

Suriyalik tadbirkorlar O‘zbekistonning ishlab chiqarish salohiyati, zamonaviy texnologiyalari va korxonalarining eksport imkoniyatlarini qayd etdi. Delegatsiya aʼzolarining so‘zlariga ko‘ra, bu Suriya ishbilarmon doiralarining O‘zbekistonga ilk tashrifi emas.

Tomonlar O‘zbekiston–Suriya biznes-forumini o‘tkazishga tayyorgarlik masalasiga ham alohida eʼtibor qaratdi.

Tadbir doirasida ikki davlat tadbirkorlari o‘rtasida B2B uchrashuvlarini tashkil etish, hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlarini belgilash va aniq biznes takliflarini muhokama qilish rejalashtirilmoqda.

Uchrashuv yakunlari bo‘yicha tomonlar O‘zbekiston mahsulotlarini Suriya bozoriga olib chiqish, sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish, yangi ishbilarmonlik aloqalarini o‘rnatish va qo‘shma loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha ishlarni davom ettirishga kelishib oldi.

 

Dilafro'z Niyazova
Dilafro'z Niyazova

Dilafruz Niyazova 2025-yildan buyon UzDaily jamoasida faoliyat yuritib, nashrning o'zbek tilidagi versiyasi uchun mas'uldir.