O‘zbekiston

Silq Plaza va PD Estates Toshkentda $600 mlnlik loyihalarni taqdim etdi

Silq Plaza va PD Estates Toshkentda $600 mlnlik loyihalarni taqdim etdi
Silq Plaza va PD Estates Toshkentda $600 mlnlik loyihalarni taqdim etdi / Foto: O'zbekiston Prezidenti Administratsiyasi Matbuot xizmati.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Toshkentda umumiy qiymati 600 mln dollar bo‘lgan ikki yirik arxitektura loyihasi — Silq Plaza va PD Estates‘ni amalga oshirish rejalashtirilmoqda.

Ushbu konsepsiyalar 2025 yil 17 fevral kuni O‘zbekiston Prezidenti Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva raisligida investorlar va shaharsozlar bilan o‘tkazilgan uchrashuvda taqdim etildi. Ikki loyihaning tafsilotlarini uning Telegram-kanalida eʼlon qilingan videorolikda ko‘rish mumkin.

Tadbirda ixtisoslashgan arxitektura studiyalari va oliy taʼlim muassasalari vakillari, shuningdek, mustaqil mutaxassislar ishtirok etdi.

Uchrashuvda loyihalash bosqichida bo‘lgan loyihalar bilan bir qatorda, amalga oshirilayotgan obyektlar ham taqdim etildi.
Silq Plaza kompaniyasi Amir Temur xiyoboni yaqinidagi, maydoni 3 gektar bo‘lgan hududda barpo etiladigan majmua loyihasini taqdim qildi. Ilgari bu yerda “O‘zbekenergo” davlat kompaniyasining binosi joylashgan.

Qiymati 400 mln dollar bo‘lgan loyiha doirasida mehmonxona, biznes-markaz va turar joy binolarini qurish ko‘zda tutilgan. Taqdim etilgan materiallarga ko‘ra, yangi binolarning umumiy maydoni 1,152 mln kvadrat metrni tashkil etadi. Majmuada umumiy turar joy maydoni 585 ming kvadrat metr bo‘lgan 6 500 ta turar joy loti joylashtirilishi rejalashtirilgan.

Shuningdek, quruvchi “O‘zbekenergo” binosi yaqinida joylashgan favvorani rekonstruksiya qilishni taklif etmoqda.

Loyihani muhokama qilishda Silq Plaza rahbari va Tashkent City Mall bosh direktori Diyor Kayumov ishtirok etdi. U loyihani amalga oshirishda mavjud qiyinchiliklarga to‘xtalib, quruvchi kompaniya loyihaga allaqachon investitsiya kiritayotganini maʼlum qildi.

Saida Mirziyoyeva esa yirik obyektning ijtimoiy infratuzilmaga tushiradigan yukini oldindan baholash zarurligiga eʼtibor qaratdi.
«Mana savol: katta bino bor — kimdir qancha bola bo‘lishini va qancha bolalar bog‘chasi kerakligini hisoblaydimi? Axir bu xalqning kayfiyati. Biz buni tushunishimiz kerak», — dedi u.

Kayumov tegishli hisob-kitoblarni amalga oshirish zarurligiga qo‘shildi.

PD Estates kompaniyasi esa maydoni 3,5 gektar bo‘lgan hududda qiymati 200 mln dollarlik loyihani taqdim qildi.

Taqdimotga ko‘ra, loyiha doirasida yashil hudud 5 000 kvadrat metrni yoki hududning 20 foizini tashkil etadi. Xizmat ko‘rsatish sohasi obyektlari uchun 49 014 kvadrat metr maydon ajratiladi, shu bilan birga, 1 500 ta ish o‘rni yaratilishi kutilmoqda.

Taqdim etilgan materiallarda obyekt bo‘yicha ijobiy xulosalar mavjudligi ham qayd etilgan.

Xususan, seysmologik xulosa «9 ball»lik baho bilan ijobiy deb topilgan. Shuningdek, gidrogeologik xulosa, Favqulodda vaziyatlar vazirligi xulosasi hamda sanitariya-epidemiologiya xulosasi ijobiy deb baholangan.

Dilafro'z Niyazova
Dilafro'z Niyazova

Dilafruz Niyazova 2025-yildan buyon UzDaily jamoasida faoliyat yuritib, nashrning o'zbek tilidagi versiyasi uchun mas'uldir.