Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekistonda 2027 yil oxiriga qadar xususiy va korporativ pensiya jamg‘armalarini tashkil etish hamda ularning faoliyati to‘g‘risida qonun loyihasini ishlab chiqish rejalashtirilmoqda.
Tashabbus Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan 15 sentyabr kuni eʼlon qilingan pensiya taʼminoti tizimini isloh qilish to‘g‘risidagi Prezident farmoni loyihasida nazarda tutilgan.
Hujjat bo‘yicha jamoatchilik muhokamasi 30 sentyabrga qadar davom etadi.
Loyihaga ko‘ra, 2027 yil 1 yanvarga qadar Iqtisodiyot va moliya vazirligi fuqarolarning jamg‘arib boriladigan pensiya tizimini shakllantirish, boshqarish va Kuzatuv kengashini tashkil etishning tashkiliy tuzilmasiga oid hujjat loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritishi kerak.
2027 yil 1 iyunga qadar vazirlikka xorijiy tajribani hisobga olgan holda pensiya tizimini bosqichma-bosqich joriy etishga qaratilgan Prezident farmoni loyihasini ishlab chiqish vazifasi yuklatilgan. Ushbu tizim fuqarolarning Pensiya jamg‘armasiga ajratmalari shartli va shaxsiy hisobini yuritish, davlat tomonidan qo‘shimcha qo‘llab-quvvatlash hamda kelgusi pensiyani mustaqil ravishda jamg‘arishga asoslanadi.
2027 yil oxiriga qadar Iqtisodiyot va moliya vazirligi Markaziy bank, Istiqbolli loyihalar milliy agentligi, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi, Kasaba uyushmalari federatsiyasi hamda Ish beruvchilar konfederatsiyasi bilan birgalikda xususiy va korporativ pensiya jamg‘armalarini tashkil etish va ularning faoliyati to‘g‘risidagi qonun loyihasini taqdim etishi lozim.
Taʼkidlanishicha, bunday mexanizmlarni joriy etish moliya bozorida raqobat muhitini shakllantirishga va fuqarolarga ixtiyoriy pensiya jamg‘arish vositalarini mustaqil tanlash imkonini berishga xizmat qilishi mumkin.